Yangiliklar

IIVning ikki mulozimi qanday jinoyatda ayblanayotgani aytildi

Vazirlik tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgan
Foto: Ichki ishlar vazirligi

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov nimada ayblanayotgani ochiqlandi. Bu haqda 27-yanvar kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari yaqinda prezident administratsiyasi va davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tdi. Qisqa muddatda budjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trillion so‘m va tashqi savdo operatsiyada $8 milliarddan ortiq qarzdorlik aniqlangani o‘ta ayanchli holat ekani qayd etildi.

Shuningdek, korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirildi, 55 kishi qamoqqa olindi. Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament sobiq boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avvalroq «Kursiv» «O‘zbekneftgaz» sobiq raisi milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar ortidan qamoqqa olingani haqida yozgandi.