
Google kompaniyasi Google Photos ilovasidagi rasmni videoga aylantirish funksiyasida katta yangilanishni taqdim etdi. Bu haqda The Verge ma’lum qildi.
Endi foydalanuvchilar o‘z videolarida ko‘rmoqchi bo‘lgan harakatlar, uslub yoki effektlarni mustaqil tarzda tavsiflash imkoniga ega bo‘ladilar. Ushbu yangi funksiya matnli tavsiyalar orqali ishlaydi va avval mavjud bo‘lgan Subtle Movement (Kichik harakat) va I’m Feeling Lucky (Menga omad yor bo‘lsin) variantlarini to‘ldiradi. Oldingi variantlar foydalanuvchilarga o‘z tavsiflarini kiritish imkonini bermagan.
Yangi imkoniyat faqat 18 yoshdan oshgan foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lib, bu cheklov faqat Google Photos’dagi rasmni videoga aylantirish vositasiga tegishli. Google’ning boshqa mahsulotlarida, masalan Gemini’da, shunga o‘xshash matnli tavsiyalar 13 yoshdan oshgan foydalanuvchilar uchun mavjud.
Shuningdek, Google Photos’da endi har bir yaratilgan videoga sukut bo‘yicha ovoz qo‘shish mumkin, bu esa videolarni qo‘shimcha tahrir qilmasdan onlayn nashr etishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google foydalanuvchilarni yashirincha eshitgani uchun 68 million dollar to‘lashi haqida xabar bergan edik.