
Toshkentda yangi avlod elektrobuslari sinovdan o‘tkazila boshlandi, Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etildi — 28-yanvarda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Milliy gvardiya va FVVga yangi rahbarlar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga yangi qo‘mondon hamda yangi Favqulodda vaziyatlar vaziri tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi. Prezident farmoniga ko‘ra, Bahodir Hamidovich Tоshmatov Milliy gvardiya qo‘mondoni bo‘ldi, shu munosabat bilan u prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Tata Steel Chess–2026. Abdusattorov va Sindorov o‘zaro bahsda durang o‘ynadi

Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan nufuzli Tata Steel Chess–2026 turnirining 9-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov o‘zaro bahs olib bordi. Qizg‘in kechgan o‘yinda tomonlar murosaga kelib, durang natija qayd etildi. Ushbu natijadan so‘ng Nodirbek Abdusattorov 6 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda.
Javohir Sindorov esa 5,5 ochko jamg‘argan holda ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Abdusattorov turnir davomida Praggnanandha Rameshbabu, Nguyen Tai Dai Van, Gukesh Dommaraju va Vinsent Keymer ustidan g‘alabaga erishdi. U faqatgina 8-turda niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, boshqa turlarda durang natijalarni qayd etgan.
Inflyatsiya pasaymoqda, lekin stavka nega o‘zgarmayapti? Markaziy bank izohi

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov asosiy stavka va inflyatsiya o‘rtasidagi tafovutning yuqoriligi sabablarini tushuntirdi. Bu haqda u 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri. Achilovning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiyaga bosim beruvchi talab omillari kuchli bo‘lgani bois, joriy qat’iy sharoitda 6–7 foizlik farqni saqlash talab etilmoqda.
Jurnalistlar bilan muloqotda asosiy stavkaning 14 foiz, inflyatsiyaning esa 7,3 foiz ekanligi va o‘rtadagi tafovut optimal hisoblangan 3–4 foizdan deyarli ikki barobar yuqoriligi masalasi ko‘tarildi. Markaziy bank vakilining ta’kidlashicha, regulyator asosiy e’tiborni joriy inflyatsiya emas, balki inflyatsion kutilmalar bilan bog‘liq tafovutga qaratmoqda. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 3–3,5 foiz atrofida shakllangan.
Toshkentda yangi avlod elektrobuslari sinovdan o‘tkazila boshlandi

Toshkentda yangi avlod Yutong E9 elektrobusining sinov ishlari boshlandi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasining rasmiy telegram kanalida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, Yutong E9 elektrobusida atmosferaga zararli chiqindilar mavjud emas.
Bu esa shahardagi havo sifati yaxshilanishiga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida baholanmoqda. Elektr tortish tizimi ekspluatatsiya xarajatlarini ham keskin kamaytiradi. Hisoblarga ko‘ra, gaz va benzin bilan harakatlanuvchi avtobuslarga nisbatan yoqilg‘i xarajatlari qariyb to‘rt baravar kamayadi.
«Tashabbusli budjet»ning 10-mavsumi 1-fevraldan start oladi

1-fevraldan «Tashabbusli budjet» jarayonining 2026-yilgi ilk mavsumi boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi. Mazkur mavsum loyiha joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan o‘ninchi mavsum hisoblanadi.
Jarayon doirasida 1–20-fevral kunlari fuqarolar o‘z loyihalarini taqdim etishi mumkin. 21-fevraldan 7-martgacha loyihalar saralab olinadi. 8–10-mart kunlari targ‘ibot bosqichi o‘tkaziladi. 11–20-mart oralig‘ida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi. 21–31-mart kunlari esa qo‘shimcha g‘oliblar e’lon qilinadi.
Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilarining yangi formasini taqdim etdi

Uzbekistan Airways bort kuzatuvchilari uchun yangi libosni taqdim etdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi. Ilk bor ramziy libos to‘plamiga trikotaj matosidan kardigan kiritildi, ustki kiyim sifatida esa palto va issiq plash taqdim etildi.
Bu esa kuz-qish mavsumida parvoz vazifalarini bajarish jarayonida qulaylik yaratadi, funksionallikni oshiradi. Liboslar harakatchan ish talablari, uzoq davom etuvchi parvozlar hamda turli tana tuzilishiga ega xodimlar uchun qulaylik yaratishni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
1,2 mingdan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani aniqlandi

8 ta hududda 1,2 ming nafardan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi. Prokuraturada haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Soxta guvohnoma olgan 455 nafar shaxs 1,3 ming marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Shuningdek, 9 nafar haydovchi ishtirokida yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan. Ushbu hodisalar oqibatida 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan. 3 nafar shaxs halok bo‘lgan.
Uzbekistan Airways 2025-yilni 1,3 trillion so‘m foyda bilan yakunladi

Uzbekistan Airways 2025-yilni 1,3 trillion so‘m foyda bilan yakunladi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri matbuot anjumanidan xabar berdi. Unga ko‘ra, 2025-yil davomida Uzbekistan Airways kompaniyalar guruhi tomonidan amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 2024-yilga nisbatan 8,7 foizga ko‘pni tashkil qilgan.
Yil davomida 49 ming 258 ta parvoz amalga oshirilgan. Shu davr mobaynida 6,6 million yo‘lovchi manziliga yetkazilgan, bu esa 2024-yilga nisbatan 6,5 foizlik o‘sishni tashkil etdi. Yuk tashish hajmi 52 ming tonnani tashkil etdi.
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2025-yilda 18,9 mlrd dollarga yetdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga kirib kelgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024-yilgi ko‘rsatkichdan 27,2 foizga yuqoridir. Bu haqda MB asosiy stavka masalasiga bag‘ishlangan taqdimotda e’lon qildi.
O‘sishning asosiy omillari sifatida rubl kursining mustahkamlanishi hamda mehnat migrantlari oqimining boshqa davlatlarga yo‘naltirilishi keltirib o‘tilgan. Shuningdek, aholining valyuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2025-yilda 9,7 mlrd dollarga yetib, oldingi yilga nisbatan 1,4 barobarga oshgan.
AQShdagi kuchli qor bo‘roni qurbonlari 30 kishiga yetdi

AQShni qamrab olgan kuchli qor bo‘roni kamida 30 kishi halok bo‘lishi va yuz minglab odamlar elektrsiz qolishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda WPRI nashri ma’lum qildi. Arkanzasdan Nyu Inglandiyagacha bo‘lgan hududlarda 30 santimetrdan ortiq qor yog‘ib, transport harakati to‘xtadi, parvozlar bekor qilindi, maktablar yopildi. Pittsburg shimolidagi ayrim hududlarda qor qalinligi 50 santimetrga yetib, harorat -31 °C gacha pasaydi.