
O‘zbekiston rahbari Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 29-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif doirasida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muzokaralarda O‘zbekiston–Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari qator qo‘shma tadbirlarda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qilgan edi.