
Ayrim toifadagi talabalarning talabalar turar joyidagi xarajatlari qoplab beriladi. Hukumat qarori bilan «Ayrim toifadagi talabalarining davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylarida yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, yashash xarajatlari davlat oliy ta’lim tashkilotlarida faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga, davlat granti yoki to‘lov kontrakt asosida o‘qishidan qat’i nazar, Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Talabaning talabalar turar joyida yashash xarajatlari uning oilasi Ijtimoiy reestrda «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritilgan kundan boshlab 12 oy davomida qoplab beriladi.
Talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat oliy ta’lim tashkilotining talabalar turar joyiga qabul qilinadi. Yashash xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha ariza talaba tahsil olayotgan oliy ta’lim tashkiloti rektori yoki filial direktori nomiga oyning 7-sanasiga qadar topshiriladi.
Shuningdek, ariza beruvchi mustaqil ravishda kontrakt.edu.uz sayti orqali elektron ariza yuborishi ham mumkin. Ariza tegishli o‘quv yili uchun faqat bir marotaba topshiriladi.
Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari yoki mas’ul shaxslar elektron arizalarni bir kun muddatda umumlashtirib, belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi. Taqdim etilgan arizalar komissiya tomonidan bir kun ichida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar to‘lov-shartnomasi ish beruvchilar hisobidan to‘lanishi haqida xabar berilgandi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari, talaba va buyurtmachi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida $1 mlnga teng investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.