Yangiliklar

MrBeast o‘zbek tili bo‘yicha koordinator qidirmoqda

Masofaviy ishlash imkoniyatiga ega mutaxassis videolarni o‘zbekchalashtirish sifatini nazorat qiladi
MrBeast «Language Coordinator – Uzbek» lavozimiga vakansiya ochdi / Foto: Fortune

Dunyoning mashhur YouTube blogeri MrBeast (Jimmy Donaldson) LinkedIn tarmog‘ida Language Coordinator – Uzbek lavozimiga vakansiya ochdi. Tanlangan mutaxassis kontentni o‘zbek tiliga o‘girish, dublyaj va subtitrlash jarayonlarini muvofiqlashtirishi lozim.

Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar qatorida o‘zbek tilida native speaker bo‘lish va ingliz tilini kamida C1 darajasida bilish ko‘rsatilgan. Shuningdek, talabgorlardan tarjima, subtitrlash yoki dublyaj sohasida 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan tajriba kutilmoqda.

Foto: Ekran rasmi

Ishga qabul qilingan xodim hamkor studiyalar ishini nazorat qiladi, ssenariylar, videolar sarlavhasi va tavsiflarining madaniy jihatdan to‘g‘ri tarjima qilinishini ta’minlaydi. Ish turi masofaviy va yarim kunlik (part-time) bo‘lib, saralash jarayoni suhbat va amaliy keyslarni o‘z ichiga oladi.

«Beast Industries raqamli mediada kontentni universal tilga aylantirishni maqsad qilgan», — deyiladi vakansiya tavsifida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Youtube blogerga bitta shorts uchun 25 ming dollar to‘lagani haqida xabar bergan edi.