Yangiliklar

O‘zbekistonda ajrimlar soni o‘tgan yilda 37 mingdan oshdi

Hududlar kesimida eng ko‘p fuqarolik nizolari Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida qayd etilgan
Foto: depositphotos.com

2025-yilda O‘zbekistonda nikohdan ajrashish bilan bog‘liq 70,5 ming ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 37,5 mingtasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilib, shu miqdordagi oilalar rasman ajrashgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotlari e’lon qilindi.

Bu ko‘rsatkichlar 2024-yilga nisbatan yuqori bo‘lib, nikohdan ajratishga oid ishlar soni 63,8 mingtani, qanoatlantirilgan da’volar esa 32,2 mingtani tashkil etgan edi. Demak, bir yil ichida ajrashish bo‘yicha ko‘rilgan ishlar 6,7 mingtaga, ajrashish bilan yakunlangan holatlar esa 5,3 mingtaga (16,5 foiz) oshgan.

2025-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar umumiy hisobda 649,6 mingta ishni ko‘rib chiqdi. Ulardan 506,1 mingtasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan, 76,1 mingta ish bo‘yicha da’volar rad etilgan. Yana 60,4 mingta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 7 mingta ish bo‘yicha esa ish yuritish tugatilgan.

Nikohdan ajratishga oid ishlarning muhim qismi qanoatlantirilmagan yoki boshqa tartibda yakunlangan. Jumladan, 24,2 mingta ish bo‘yicha da’vo talablari rad etilgan, 6,2 mingtasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 2,5 mingta ish bo‘yicha esa ish yuritish tugatilgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p fuqarolik nizolari Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida qayd etilgan. Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlarining asosiy qismini bitimlar (206,4 mingta), nikohdan ajratish (70,5 mingta), uy-joy munosabatlari (27 mingta) hamda boshqa toifadagi ishlar tashkil qilgan.

Shuningdek, 2025-yilda viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya tartibida 12,9 mingta, kassatsiya tartibida 8,5 mingta va taftish tartibida 5,7 mingta ish ko‘rib chiqilgan. Ushbu jarayonlarda birinchi instansiya sudlari chiqargan 4,5 mingta qaror bekor qilingan, 1,6 mingta qaror o‘zgartirilgan. Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati esa taftish tartibida 363 ta ishni ko‘rib chiqib, 171 ta qarorni bekor qilgan va 53 tasini o‘zgartirgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ayollar orasida eng ko‘p nikoh 20 – 30 yosh oralig‘ida qayd etilgani haqida yozgandi.