Yangiliklar

Sharof Sharipov TBC Digital bosh moliya direktori etib tayinlandi

TBC Digital TBC Uzbekistan ekotizimidagi barcha bizneslarni birlashtiruvchi boshqaruvchi kompaniya
Sharof Sharipov TBC Digital bosh moliya direktori etib tayinlandi / Foto: TBC

TBC Uzbekistan Sharof Sharipovning TBC Digital bosh moliya direktori (CFO) etib tayinlanganini ma’lum qildi. TBC Digital TBC Uzbekistan ekotizimidagi barcha bizneslarni birlashtiruvchi boshqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

Sharof Sharipov Buyuk Britaniyada bank va moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U IPO, kompaniyalarni qo‘shilish va sotib olish, obligatsiyalar chiqarish hamda transchegaraviy moliyaviy bitimlar bilan shug‘ullangan.

Sharof Sharipov / Foto: TBC Uzbekistan

Avvalroq u Virgin Money va UBS Investment Bank kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Token Inc to‘lov platformasi va 10x Banking fintex kompaniyasida bosh moliya direktori bo‘lgan. Sharof Sharipov Buyuk Britaniyadagi Uorvik universiteti bitiruvchisi.

Yangi lavozimida u TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani, TBC Digital Kuzatuv kengashi raisi Oliver Hyuz hamda kuzatuv kengashi a’zolari bilan birgalikda ishlaydi. U ekotizimning barqaror va foydali o‘sishini ta’minlashda faol ishtirok etadi.

TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdianining aytishicha, bugungi kunda TBC ekotizimida qariyb 22 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Unga ko‘ra, Sharipovning tajribasi kompaniyaning keyingi rivojlanish bosqichida muhim rol o‘ynaydi.

«Jamoa bilan birgalikda biz chakana va biznes mijozlar uchun mahsulotlar qatorini yanada kengaytirish, ekotizim ichidagi o‘zaro uyg‘unlikni kuchaytirish hamda barqaror yuqori daromadlilikni ta’minlashda davom etamiz», — deydi Sharof Sharipov.

TBC Uzbekistan Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimi bo‘lib, TBC Bank, payme to‘lov ilovasi, TBC Nasiya, TBC Sug‘urta va BILLZ xizmatlarini birlashtiradi. 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida kompaniyaning sof foydasi 2,416 trillion so‘mni tashkil etdi. Kredit portfeli 83 foizga, depozitlar hajmi esa 64 foizga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi TBC Uzbekistan bankining uzoq muddatli majburiyatlar bo‘yicha defolt reytinglari prognozini 2025-yil dekabrida «Salbiy»dan «Barqaror»ga ko‘targandi