Banklar va moliya

«Yangi bank» omonatchilari uchun kompensatsiya to‘lovlari boshlandi

31,5 ming nafar omonatchiga 208 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya
«Yangi bank» tugatilmoqda: litsenziya bekor qilindi, omonatlar qaytariladi
«Yangi bank» omonatchilari uchun kompensatsiya to‘lovlari boshlandi / Foto: Yandex

Biznesni rivojlantirish banki orqali kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari jarayoni boshlandi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi xabar berdi.

«Yangi bank»dagi kafolatlangan omonatlar bo‘yicha jami 31,5 ming nafar omonatchiga 208 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lash rejalashtirilgan.

To‘lovlar «BRB» mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Bunda jismoniy shaxslar kompensatsiyani «BRB» mobil ilovasi orqali onlayn tarzda yoki BRB bank xizmatlari markazlariga borib, naqd pul shaklida olishi mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar esa kompensatsiyani BRB bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib, ushbu bankda hisobvaraq ochish yoki boshqa bankdagi hisobvaraqqa pul o‘tkazish yo‘li bilan olishi mumkin.

Agentlik kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish jarayonida hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab qilinmasligini eslatdi. Agar mobil ilovasda texnik muammolar yuzaga kelsa, Biznesni rivojlantirish bankining 78-150-76-76 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Keyinchalik Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda «Yangi bank» AJ tugatilishi jarayoni, omonatlar va kreditlar taqdiri bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, «Kursiv» «Yangi Bank»ni tugatish bo‘yicha Tugatish komissiyasi tashkil etilgani haqida yozgandi