
30-yanvar kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubayda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Armanistonning «Urartu» klubiga qarshi maydonga tushadi. Soat 18:00 da start oladigan uchrashuv murabbiylar qaroriga ko‘ra yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi.
Ushbu bahs rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvi emas, balki nazorat-mashg‘ulot o‘yini maqomida bo‘lib, unda milliy jamoa murabbiylari bir nechta futbolchilarni turli pozitsiyalarda sinab ko‘rishni maqsad qilgan. Shu sababli o‘yin keng jamoatchilik va OAV vakillari uchun yopiq tarzda tashkil etilmoqda. O‘yin Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tadi.

Raqib jamoa «Urartu» Armaniston futbolining taniqli vakillaridan biri hisoblanadi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Yerevanning ushbu klubi 1992-yilda tashkil etilgan. Jamoa o‘z tarixida ikki bor Armaniston chempioni bo‘lgan va to‘rt marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.

Hozirgi vaqtda «Urartu» tarkibida mahalliy iqtidorlardan tashqari Rossiya, Ukraina, Braziliya va Afrikadan kelgan legionerlar to‘p surmoqda. Klubning umumiy transfer qiymati taxminan 5-6 mln yevro atrofida baholanadi. Armaniston klubi ham ayni paytda BAAdagi yig‘in orqali mavsumning ikkinchi qismiga va yevrokubok yo‘llanmalari uchun kurashga hozirlik ko‘rmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA reytingida O‘zbekiston 5 pog‘ona yuqorilagani haqida xabar bergan edi.