
Ilon Mask Ostin shahrida xavfsizlik nazoratchisisiz Robotaxi qatnovi boshlanganini e’lon qilganiga qaramay, amalda bu xizmat kuzatilmayapti. Bu haqda Electrek nashri xabar bermoqda.
22-yanvar kuni qilingan e’londan so‘ng kompaniya aksiyalari 4 foizga oshgan edi. Tesla ishqibozi Devid Moss Ostinda maxsus tajriba o‘tkazib, 42 marta Robotaxi chaqirgan, ammo barcha holatlarda avtomobil ichida haydovchi bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa foydalanuvchilar ham shunday holatga duch kelayotganini ta’kidlashmoqda.

Tesla dasturiy ta’minot bo‘yicha vitse-prezidenti Ashok Ellusvami «nazoratsiz» mashinalar umumiy park ichida hozircha juda oz miqdorda ekanini tan oldi. Shuningdek, 22-yanvarda namoyish qilingan haydovchisiz mashinalar ortidan kompaniyaning boshqa avtomobillari kuzatib yurgani ma’lum bo‘lgan edi, biroq rasmiy vakillar bu haqda ochiq aytmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyada arzon Tesla Model 3 sotuvga chiqqani haqida xabar bergan edi.