Sport

Ispaniyaning «Leganes» klubida to‘p surgan Lazizbek Mirzayev O‘zbekistonga qaytdi

Foto: Instagram / Lazizbek Mirzayev

Ispaniyaning «Leganes» klubi tizimida harakat qilgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Lazizbek Mirzayev Toshkent viloyatining «G‘azalkent» jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Narzulla Saydullayev ma’lum qildi.

Lazizbek Mirzayev 2006-yilning 5-oktabrida tavallud topgan bo‘lib, u O‘zbekiston U-17 terma jamoasi sardori sifatida Indoneziyada o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etgan. Hujumkor yarim himoyachi ampluasida harakat qiluvchi futbolchi bungacha Toshkentning «Lokomotiv» klubi tizimida to‘p surgan.

Foto: Stadion.uz

Uning «Leganes»ga o‘tishi o‘z vaqtida o‘zbek futbolidagi istiqbolli voqealardan biri sifatida baholangan edi. «G‘azalkent» futbol klubi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan G‘azalkent shari sharafini himoya qiladi. Jamoa mahalliy ligalarda ishtirok etib kelmoqda.

Hozircha transferning moliyaviy shartlari va shartnoma muddati bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar ochiqlanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Leganes» futbolchisi Laziz Mirzayev «Lokomotiv»ga qaytayotgani haqida xabar bergan edi.