Yangiliklar

Xitoy 2027-yildan elektromobillarda yashirin eshik tutqichlarini taqiqladi

Mazkur qaror bir qator og‘ir avtohalokatlardan so‘ng qabul qilindi
Foto: Bloomberg

Xitoy elektromobillarda keng tarqalgan yashirin eshik tutqichlari dizaynini rasman taqiqlagan dunyodagi ilk davlat bo‘ldi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Mamlakat Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan e’lon qilingan yangi xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Xitoyda sotiladigan barcha elektromobillar ichki va tashqi tomondan mexanik tarzda ochiladigan eshik mexanizmlariga ega bo‘lishi shart.

Mazkur qaror bir qator og‘ir avtohalokatlardan so‘ng qabul qilindi. Xususan, Xitoyda Xiaomi kompaniyasiga tegishli ikkita elektromobil ishtirokidagi yong‘inli YTHlarda elektr ta’minoti uzilib, eshiklar ochilmagani sabab odamlar avtomobildan chiqib keta olmagan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Shu holatlar yashirin va elektrga bog‘liq eshik tutqichlarining xavfsizligi masalasini keskin kun tartibiga olib chiqdi.

Yangi talablar juda aniq belgilangan. Avtomobil eshigining tashqi tomonida kamida 6×2 santimetr o‘lchamdagi chuqurcha bo‘lishi va u orqali qo‘l bilan mexanik tutqichni ushlab ochish imkoniyati yaratilishi kerak. Salon ichida esa eshikni qanday ochish mumkinligini ko‘rsatib turuvchi maxsus belgi bo‘lishi shart. Bu talablar barcha ishlab chiqaruvchilarga bir xil qo‘llanadi.

Foto: Bloomberg

Qoidalar 2027-yildan kuchga kiradi, biroq allaqachon sertifikatdan o‘tgan va sotuvga tayyorlanayotgan modellarga 2029-yil yanvarigacha moslashish uchun muhlat beriladi. Mutaxassislar bitta model dizaynini qayta ishlab chiqish xarajati 100 mln yuan, ya’ni qariyb $14,4 mlndan oshishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil bahorida Xitoyda eng ko‘p sotilgan yangi energiyali avtomobillarning qariyb 60 foizi yashirin eshik tutqichlariga ega bo‘lgan. Bu, ayniqsa, Tesla Model Y va Model 3, BMW iX3, Nio ES8, Li Auto i8 hamda Xpeng P7 kabi mashhur modellarni bevosita ta’sir ostida qoldiradi. Ayrim Xitoy brendlari esa allaqachon an’anaviy, ochiq tutqichlarga qayta o‘ta boshlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasi yangi brendini namoyish qigani haqida yozgandi.