Sport

«Arsenal» «Chelsi»ni mag‘lub etib, Angliya Liga kubogi finaliga yo‘l oldi

Foto: Arsenal.com

Londonda o‘tgan Liga kubogi yarim final javob o‘yinida «Arsenal» o‘z maydonida «Chelsi» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (4:2) Mikel Arteta shogirdlari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvdagi yagona va hal qiluvchi gol hakam tomonidan qo‘shib berilgan 7-daqiqada kiritildi. Zaxiradan maydonga tushgan Kay Haverts jamoadoshi Deklan Raysning uzatmasidan so‘ng darvozabon Robert Sanchesni aldab o‘tib, to‘pni darvozaga joyladi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/kay.mp4

«Emereyts» stadionida kechgan bahsni 59 ming nafar tomoshabin bevosita kuzatib bordi. «Chelsi» bosh murabbiyi Liam Rosenior o‘yinda beshta himoyachi taktikasini qo‘llagan bo‘lsa-da, jamoa kerakli natijaga erisha olmadi va musobaqani tark etdi.

«Arsenal» ushbu g‘alaba orqali 2018-yildan beri ilk bor Liga kubogi finaliga chiqdi. Endilikda «to‘pchilar» Uembli stadionida bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi bahsda «Manchester Siti» yoki «Nyukasl Yunayted» klublaridan biriga qarshi maydonga tushadi.

Mikel Arteta jamoasi ayni damda Premer-ligada ham peshqadamlik qilmoqda va Chempionlar ligasida ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Ushbu final «Arsenal» uchun 2020-yildan buyon ilk yirik sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatidir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» chempionlik poygasida qoqilgani haqida xabar bergan edi.