
So‘nggi sutka davomida jahon sporti olamida kutilmagan transferlar, o‘zbek futbolining «Manchester Siti»dagi muvaffaqiyati va chempionlarning yangi g‘alabalar sari intilishi barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Karim Benzema «Al-Hilol»ga o‘tdi

Saudiya Arabistoni futbolida katta transfer sodir bo‘ldi. Dunyo futboli yulduzi Karim Benzema «Al-Ittihod» klubini tark etib, mamlakatning amaldagi chempioni «Al-Hilol» safiga borib qo‘shildi. Riyod klubi o‘zining yangi qahramonini tantanali ravishda tanishtirdi va bu voqea transfer bozoridagi eng shov-shuvli voqelikka aylandi.



Abduqodir Husanov «Manchester Siti»da oyning eng yaxshisi bo‘lishga nomzod

«Shaharliklar» yanvar oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun rasmiy so‘rovnoma e’lon qildi. Quvonarlisi, nomzodlar orasida O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor. Yanvar oyida jamoaning deyarli barcha o‘yinlarida asosiy tarkibda maydonga tushib, ishonchli o‘yin ko‘rsatgan hamyurtimiz Bernardo Silva va Janluiji Donnarumma bilan raqobatlashmoqda. Ovozi bering.

Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova tatamiga qaytmoqda

Dzyudo bo‘yicha Parij olimpiadasi g‘olibi Diyora Keldiyorova ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi videolavha ulashdi. O‘zbekistonlik sportchi musobaqalarda munosib ishtirok etish uchun qizg‘in mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda. Chempionning har bir harakati uning yangi g‘alabalarga bo‘lgan cheksiz tashnaligidan dalolat beradi.
Vinisius Junior yulduzlar bilan

«Real Madrid» klubining braziliyalik yulduzi Vinisius Junior futbol maydonidan tashqarida ham e’tibor markazida bo‘lishni xush ko‘radi. U o‘zining Instagram sahifasi orqali dunyoga mashhur model Kim Kardashyan va britaniyalik rep yulduzi Central Cee bilan tushgan suratlarini namoyish etdi.



Rafinya jarohatga qaramay jamoasini yolg‘iz qoldirmadi

Braziliyalik mahoratli vinger Rafinya 3-fevral kuni «Albasete»ga qarshi kechgan Kubok bahsida jarohati sababli jamoasiga yordam bera olmadi. Shunga qaramay, futbolchi ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z klubini qo‘llab-quvvatladi.