Sport

Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan Liga kubogi finaliga yo‘l oldi

Endi finalda «Arsenal» bilan o‘ynaydi
Foto: mancity.com

«Manchester Siti» o‘z maydonida «Nyukasl Yunayted»ni 3:1 hisobida mag‘lub etib, Angliya Liga kubogi finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Umumiy hisob 5:1 ko‘rinishini oldi va «shaharliklar» hal qiluvchi o‘yinda «Arsenal» bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.

O‘yin taqdiri amalda birinchi bo‘limdayoq hal etildi. Uchrashuvning 7-daqiqasida Umar Marmush hisobni ochdi, 29-daqiqada esa u dubl qayd etib, jamoasining ustunligini mustahkamladi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Tidjani Reynders hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Mehmonlar safida Entoni Elanga 62-daqiqada javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi, biroq bu o‘yin natijasiga jiddiy ta’sir qilmadi.

Foto: mancity.com

«Yigitlar juda yaxshi harakat qilishdi. Karabao kubogining amaldagi sohibiga qarshi 5:1 hisobi bu aqlbovar qilmas natija. Biz Londonga yo‘l olayotganimizdan xursandmiz», – dedi Pep Gvardiola o‘yindan so‘ng.

Uchrashuvda «Siti» darvozaboni Jeyms Trafford ham ishonchli o‘yin ko‘rsatib, Entoni Gordon va Jo Uillokning xavfli zarbalarini bartaraf etdi. E’tiborlisi, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va ishonchli harakat qildi.

Foto: mancity.com

Final uchrashuvi 22-mart kuni Uembli stadionida bo‘lib o‘tadi. «Manchester Siti» endi bor e’tiborini Premyer-ligaga qaratadi va yakshanba kuni Enfildda musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni mustahkamlash uchun amaldagi chempion «Liverpul»ga qarshi bahs olib boradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» «Chelsi»ni mag‘lub etib, Angliya Liga kubogi finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.