Sport

Fabio Kannavaro: Futbolchi 17 yoki 19 yoshda tayyor bo‘lsa, demak u milliy jamoada bo‘lishi kerak

Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro tarkibni shakllantirishda futbolchining yoshi emas, balki maydondagi harakati va xarakteri birlamchi ekanligini ma’lum qildi.

Italiyalik mutaxassis yosh iqtidorlarni asosiy jamoaga jalb qilish bo‘yicha o‘z qarashlarini tushuntirar ekan, iste’dod va xarakter eng muhim omil ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, tayyor futbolchini «shunchaki yoshi kichik deb» U-20 yoki U-23 jamoalarida qoldirish kerak emas.

«Gap yoshda emas, sifatda. Futbolchining necha yoshga kirganini emas, uning iste’dodi va jangchi sifatidagi xarakteri muhim. Agar futbolchi 17 yoki 19 yoshda bo‘lsa-yu tayyor bo‘lsa, demak u milliy jamoada bo‘lishi kerak», — dedi Kannavaro.

Foto: O‘FA

Shuningdek, murabbiy o‘yinchilarni tanlashda nima uchun video tahlildan ko‘ra stadiondagi jonli kuzatuvni afzal ko‘rishini izohladi.

«Uyda o‘tirib ketma-ket bir nechta videoni ko‘rish, rostini aytsam, men uchun zerikarli. Men stadionga borib, futbolchini bevosita kuzatishni afzal ko‘raman. Chunki ba’zida juda kichik detallar bo‘ladi, uni video orqali ko‘ra olmaysiz. Aynan o‘sha mayda jihatlar keyinchalik juda muhim bo‘lib chiqadi», — deya ta’kidladi mutaxassis.

Behruz Karimov / Foto: O‘FA

Murabbiyning ushbu yondashuvi yanvar oyidagi yig‘in misolida ham ko‘zga tashlanadi. O‘shanda asosan Superliga futbolchilari jalb etilgan bo‘lib, ular orasida yoshlar ham bor edi. Xususan, Xitoyga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida gol urgan 18 yoshli Behruz Karimov bunga yorqin misol bo‘la oladi. Eslatib o‘tamiz, Karimov biroz avval Saudiya Arabistonida yakunlangan U-23 Osiyo Kubogida Ravshan Haydarov jamoasining asosiy figuralaridan biri bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘rtoqlik o‘yinida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xitoy bilan durang qayd etgani haqida xabar bergan edi.