
O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi tubdan takomillashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlari ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash, rivojlantirish va ularga ta’lim berish jarayonida o‘yinga asoslangan ta’lim usullari keng qo‘llaniladi.
Shuningdek, tizimni yangi sifat bosqichiga olib chiqish maqsadida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan «Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
1 yillik maktabga tayyorlov guruhlari dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlar shaklida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.