
Yanvar oyida jahonda oltin narxi qariyb 8,85 foizga oshdi, ushbu o‘sish fonida O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi yuqori o‘sishlarni qayd etmoqda. Bunday paytda ko‘pchilik oltin sotib olishga qiziqishi tabiiy. O‘zbekistonliklarda esa mazkur metallni hech qayerga chiqmasdan onlayn xarid qilish imkoni yaratildi. Markaziy bankning Qimmatbaho metallarni saqlash va ular bilan ishlash xizmati bosh iqtisodchisi Muzaffar Pulatov fuqarolar uchun oltin investitsiyasi imkoniyatlari, onlayn oltin omonatlari va xavflar haqida ma’lumot berdi.
– Oltin narxi oshayotgan sharoitda ko‘pchilik oltinga qiziqadi va xarid qilishni xohlaydi. Oddiy fuqarolar ham oltin quymalariga investitsiya qila oladimi?
– Albatta, bunday imkoniyat mavjud. 2025-yil oktabr oyida Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallar bilan ishlash bo‘yicha yangi nizom ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, aholimizga oltinga investitsiya kiritish bo‘yicha yanada kengaytirilgan imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, hammaning ham 5 gramm va undan yuqori bo‘lgan qimmatbaho metallarni sotib olish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda 0,1 grammdan boshlab investitsiya qilish imkoniyati mavjud. Ushbu amaliyotni hozircha faqat Sanoatqurilishbank yoki Milliy bankda amalga oshirish mumkin. Ya’ni, qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda mobil ilova orqali onlayn tarzda sotib olish va qaytarib sotish ishlari amalga oshiriladi. Ushbu moliyaviy operatsiya keyinchalik boshqa banklarda ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

– Onlayn oltin omonatni qanday ochish mumkin? Xuddi valyuta yoki so‘m kabi to‘ldirib, xohlagan paytda yechib olish mumkinmi? Jarayon tartibi qanday?
– Bank tomonidan mijozga qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda sotish va qaytarib sotib olish metall hisobvaraqlarni ochish, yuritish va yopish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Oltin omonatni ochishning ikki yoʻli mavjud boʻlib, birinchisi, metall hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish mijoz bilan bank o‘rtasida tuziladigan yozma shartnoma yoki mobil ilova orqali oferta shartnomasini tasdiqlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
– Oltin quymalarni omonatga qo‘yganda foyda qanday olinadi?
– An’anaviy pulga nisbatan bo‘ladigan foizlar yoki dividendlar bunda ko‘zda tutilmagan. Mijoz uchun foyda yoki zarar elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishdagi oltinni sotib olish va sotish o‘rtasidagi farq evaziga shakllanadi. Ya’ni, oltin sotib olingandan so‘ng narxi oshsa va sotilsa foydaga ega bo‘ladi, narxi tushsa zarar ko‘radi.
– Agar 1 gramm emas, 5 grammga omonat ochilsa, keyinroq shu omonatni o‘zida saqlash uchun quyma shaklida olib qo‘yish mumkinmi?
– Yangi nizomda oltinni elektron olib, 5 gramm to‘plangan taqdirda ham bunday oltinni jismoniy shaklda olish mumkin emas. Bu oltin elektron hamyonda jamlanadi va vaqt o‘tib uni faqat bank orqali onlayn sotish mumkin bo‘ladi. Bunda xarid ham, sotuv ham faqat onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Agar jismoniy masalasi ko‘tariladigan bo‘lsa, hamyondagi pul mablag‘lari hisobiga Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotib olish mumkin. Bugun yangi nizom bilan bu jarayon yanada soddalashtirildi. Ya’ni fuqarolar mobil ilova orqali oltin quymani navbatsiz sotib olish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bunda, o‘lchovli oltin quymani joyiga borib, navbatda turmasdan, onlayn narx-navoni ko‘rib, qoldig‘i mavjud bo‘lgan bankdan mobil ilova orqali sotib olish mumkin bo‘ladi. Quyma sotib olingandan keyin mijozga maxsus kod keladi. Mijoz yoki uning vakili (ishonchnoma asosida) o‘lchovli oltin quymalarni ular sotib olingan kundan boshlab besh ish kuni ichida olib ketishi yoki oferta shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarga rozi bo‘lgan holda alohida to‘lov evaziga bankda qimmatbaho metallarni mas’ul saqlash hisobvarag‘ini ochish orqali saqlash uchun qoldirishi mumkin.
– Oltinning qadog‘i buzilgan yoki shikastlangan holatida texnik ekspertiza qancha vaqt oladi? Narx pasayishi o‘rtacha foizda qancha bo‘ladi?
– Qadog‘i buzilganda, tijorat banklari 7 ish kuni ichida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasiga ushbu quymani topshiradi. Davlat nazorati inspeksiyasi ushbu quymani qabul qilib olgandan keyin 7 ish kuni ichida ekspertiza o‘tkazadi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra Markaziy bank tijorat banki orqali bir kun ichida mijozga ekspertiza natijasi va hisob-kitobni amalga oshirish vaqti to‘g‘risida xabar beradi, so‘ng 3 ish kunidan oshmagan muddatda mijoz bilan hisob-kitob amalga oshiriladi. Bunda jarayon umumiy 18 kungacha vaqt olishi mumkin.
O‘z navbatida, o‘lchovli oltin quymalarni qaytarib sotib olish qiymati, u topshirilgan kundagi qimmatbaho metallning jahon bozoridagi narxi va ushbu narxga qo‘llaniladigan chegirmadan kelib chiqib hisoblanadi. Chegirma miqdori qadog‘i but o‘lchovli quymalar uchun hamda qadog‘i buzilgan yoki amaldagi texnik talablarga mos kelmaydigan o‘lchovli quymalar uchun alohida belgilanadi.
Ushbu narxlar Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlarda kunlik, har kuni e’lon qilinadi.

– Oltin quyma yoki omonatga investitsiya qilishning asosiy risklari nima?
– Oltin har doim an’anaviy inflyatsiyadan himoya qiluvchi o‘rta va uzoq muddatli investitsiya vositasi (aktivi) hisoblanadi. Elektron (jismoniy bo‘lmagan) qimmatbaho metall sotib olganda jismoniy oltindan farqi shundaki, unda saqlash, shikastlanish, qadog‘i buzilishi, yo‘qolishi yoki o‘g‘irlik bilan bog‘liq risklar mavjud emas. Sababi sotib olingan qimmatbaho metall, ya’ni oltin, elektron hamyonda turadi. Bu erda faqat narx tushishi ta’sirida moliyaviy zarar ko‘rish bo‘yicha risklar mavjud.
– Oltin investitsiyasi inflyatsiyadan himoya qila oladimi? So‘nggi besh yilda real foyda misollarini keltira olasizmi?
– Oltin investitsiyasi albatta himoya qilish imkoniyati ko‘proq deb o‘ylayman. Misol tariqasida, masalan, 2020-yil noyabr oyidan boshlab Markaziy bank oltin o‘lchovli quymalarini muomalaga chiqargan. 2020-yilning 3-noyabr kunidagi narx bilan solishtiradigan bo‘lsak, 5 grammli quymaning narxi o‘sha vaqtda 3,4 mln so‘mni tashkil etgan. Bugungi kunga kelib esa 10,266 mln so‘mga yetganini (2026-yil 10-fevral holatiga) ko‘rishimiz mumkin.
– Oltin quymalarni soxtasidan qanday ajratish mumkin?
– Markaziy bank tarafidan muomalaga chiqarilgan oltin o‘lchovli quymalar faqat tijorat banklari orqali sotiladi va maxsus himoya qadog‘iga ega. Ushbu qadoq sertifikat vazifasini bajaradi va har bir quyma bilan bir xil seriya raqamiga ega bo‘ladi.
Qadoqda 3 turdagi himoya elementlari mavjud:
QR kod real vaqt rejimida quymani asilligini tekshirish uchun imkonini beradi, himoya membranasi qadoq ochilganda rangi o‘zgaradi va kriptoprint qadoq ochilganda Seal open yozuvi paydo bo‘ladi.
– Oltinni onlayn sotib olgach telefonda qandaydir nosozlik bo‘lsa yoki akkaunt o‘chib ketgan vaziyatlarda nima qilish mumkin?
– Nizomimizda ko‘rsatilgan ikki xil usuli bor. Birinchisi, mijoz ilovaga shaxsiy identifikatsiya orqali kiradi. Bank kartalari unga bog‘langan bo‘lishi, elektron hamyon ochilgan bo‘lishi kerak. Akkaunti o‘chib ketsa yoki kiberhujumga uchragan bo‘lsa, mijoz akkauntini tiklagandan so‘ng o‘sha bankka murojaat qiladi. Bank tizimida hamma operatsiyalari ko‘ringan holatda, hammasini tiklab berish imkoniyati mavjud.
– Onlayn oltin quymalarni faqat Sanoatqurilishbanki va Milliy bankdan olish mumkinmi? Boshqa banklarda qachon ochiladi?
– Milliy bank bu yo‘nalishda birinchi bo‘lib ish boshlagan bo‘lsa, yaqinda Sanoatqurilishbank ham ushbu xizmatni yo‘lga qo‘ydi. Keyinchalik boshqa banklar ham onlayn oltin savdosini joriy etishi mumkin. Bu xizmat banklar va mijozlar uchun qulay bo‘lgani sababli Markaziy bank tomonidan keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Endilikda har bir bank ushbu xizmatni mustaqil yo‘lga qo‘yadi.
Hozir ko‘pchilikda narx jihatdan nima farqi bo‘ladi, degan savol yuzaga kelyapti. Men bitta narsani ishontirib aytishim mumkin, qimmatbaho metallning narxi jahon bozoridagi narxi asosida shakllanadi. Farqi faqat jismoniy o‘lchovli oltin quymani muomalaga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarda marja qo‘llaniladi. Shuningdek, tijorat banklari oltin quymalarni o‘zlari ishlab chiqarishi yoki Markaziy bankdan kerakli miqdorda olib sotishi mumkin. Sotish va qaytarib sotib olish narxlari qimmatbaho metallarning jahon bozoridagi narxlarini hisobga olgan holda banklar tomonidan mustaqil belgilanadi.
– Kichik investorlarga oltin quymalarni sotib olish, sotish bo‘yicha qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? Xaridda nimalarni inobatga olish kerak?
– Albatta eng keraklisi, sertifikatga ega bo‘lgan tijorat banklari orqali xarid qilgan yaxshi. Ularda maxsus sertifikatlari, himoya qadoqlari bor, shularni hisobga olib turib, albatta, shulardan sotib olish ishonchli deb bilaman. Shuningdek, eng asosiysi oltin yuqori volatilligi (bu narxlarning ma’lum vaqt ichida o‘zgarish tezligi va hajmini o‘lchovchi ko‘rsatkich — tahr.) sababli, narxlarning ko‘tarilishi yoki tushishi mumkinligini inobatga olib moliyaviy risklarni ham hisobga olishni tavsiya qilaman.
– Onlayn oltinni qaytarib sotish narxi qanday bo‘ladi?
– Elektron shaklda xarid qilinganda u grammda hisoblanadi. Ya’ni u grammda olinadi va grammda sotiladi. Uning kunlik sotib olish, qaytarib sotish narxlari sotib olingan bankning rasmiy sahifasida e’lon qilinadi. Uni kuzatib, yoki elektron hamyoniga sotib olishi, yoki narx o‘sib, agar foyda ko‘raman deydigan fuqarolar bo‘lsa, o‘sha bank narxida qaytarib sotishi mumkin.
Hozirgi paytda banklarda o‘lchovli oltin quymalar qoldig‘i bo‘yicha ma’lumotni ushbu havoladan olishingiz mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltirishi haqida ekspertlar fikrini o‘rgangandi.