
Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazishga doir qaror qabul qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga to‘g‘ri keladi. Bu haqdagi ma’lumot O‘zbekiston musulmonlari idorasi axboroti asosida ma’lum qilindi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahallalar uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, «Nuroniy» jamg‘armasi hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazish choralarini ko‘radi.
«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» g‘oyasi asosida kam ta’minlangan va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, atrof-muhitni asrash hamda muqaddas qadamjolarni obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, tadbirlarni isrofgarchiliksiz, ixcham va mazmunli o‘tkazish belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazon oyida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilishi haqida yozgandi.