
YouTube reklama bloklovchi AdBlock’larni ishlatadigan foydalanuvchilar uchun video izohlari va tavsiflariga kirishni chekladi. Bu haqda AndroidAuthority xabar berdi.
Ayrim foydalanuvchilar videolarda «Izohlar o‘chirilgan» degan yozuv paydo bo‘layotgani haqida xabar bermoqda. Muammo turli foydalanuvchilarni qamrab olgan, jumladan, Brave kabi brauzerlardagi ichki reklama bloklovchilarni ishlatadiganlar ham jabr ko‘rgan.
YouTube ba’zi foydalanuvchilar uchun videolarning tavsiflariga kirishni ham cheklamoqda. Bu holat, ayniqsa, YouTube Premium obunachilar uchun ham noqulay.
Muammoning AdBlock bilan bog‘liqligi tasdiqlandi. Ba’zi hollarda foydalanuvchilar AdBlock’ni o‘chirganida izohlar yana ko‘rinmoqda. Bu esa YouTube’ning reklama ko‘rishni istamagan foydalanuvchilar kontentga kirishini cheklayotganini bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YouTube Apple Vision Pro uchun maxsus ilovani ishga tushirgani haqida xabar bergan edik.