Yangiliklar

2026-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi

Zakot nisobi 85 gramm 585 probali oltin qiymatidan kelib chiqib 100 mln so‘m etib belgilandi
2026-yil uchun zakot, fitr va fidya miqdori belgilandi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2026-yil, hijriy 1447-yil Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdorini belgiladi.

Unga ko‘ra, zakot nisobi 85 gramm 585 probali oltin qiymatidan kelib chiqib 100 mln so‘m etib belgilandi. Shunga ko‘ra, kamida 85 gramm oltin yoki 100 mln so‘m mablag‘ga ega bo‘lgan shaxs jami boyligining 2,5 foizini zakot sifatida kambag‘allarga berishi farz hisoblanadi.

Fitr sadaqasi miqdori quyidagicha belgilandi:

  • 2 kg bug‘doy yoki uning qiymati 10 ming so‘m,
  • 2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati 12 ming so‘m,
  • 4 kg arpa yoki uning qiymati 20 ming so‘m,
  • 2 kg mayiz yoki uning qiymati 110 ming so‘m,
  • 4 kg xurmo yoki uning qiymati 200 ming so‘m.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu mahsulotlardan birini yoki uning pul qiymatini fitr sadaqasi sifatida berishi mumkin. Fitr sadaqasi Ramazon davomida hayit namozigacha berilishi lozim.

Bir kunlik fidya miqdori fitr sadaqasi miqdoriga teng deb belgilandi. Shuningdek, fidya ham yuqoridagi mahsulotlardan biri yoki uning qiymati asosida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Ramazon oyi rasman 19-fevraldan boshlanadi. 18-fevraldan boshlab esa respublika bo‘ylab 2 mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari o‘qiladi. Unga ko‘ra, namozlar har kuni soat 20:30 dan keyin boshlanadi. Taxminan 1 mlnga yaqin fuqaro har kuni taroveh namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda.