Yangiliklar

Fuqarolar foydasiga 2,8 mlrd so‘m: Raqobat qo‘mitasi sug‘urta kompaniyalariga ko‘rsatmalar yubordi

Hozirda sug‘urta tashkilotlari yangi qoidalar asosida ishlamoqda
Fuqarolar foydasiga 2,8 mlrd so‘m: Raqobat qo‘mitasi sug‘urta kompaniyalariga ko‘rsatmalar yubordi
Foto: Depositphotos

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan davrda sug‘urta xizmatlari yuzasidan mingga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqildi. Natijada iste’molchilar foydasiga 2,8 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilishi ta’minlandi.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning 50 foizdan ortig‘i avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Asosan jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyalari tomonidan turli sabablar bilan rad etilgan, qoplanmagan yoki kechiktirilgan.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu yo‘nalishga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ular 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan. Hozirda sug‘urta tashkilotlari yangi qoidalar asosida ishlamoqda.

Biroq qo‘mita o‘tkazgan o‘rganishlar davomida elektron sug‘urta xizmatlarida bir qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, ayrim ommaviy shartnomalar yangi talablarga moslashtirilmagan. Ba’zi shartnomalar davlat tilida taqdim etilmagan. Sug‘urta kompaniyalarining majburiyatlari, to‘lov muddati, istisnolar va penya tartibi to‘liq ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, ayrim kompaniyalar saytlarida ma’lumotlar yangilanmagan yoki umuman joylashtirilmagan. Qonun va qoidalarning yangilangan tahriri yoki rasmiy havolalari berilmagan. Onlayn polisini rasmiylashtirishdan oldin shartlar bilan tanishish imkoniyati ham yaratilmagan.

Qo‘mita ta’kidlashicha, sug‘urta xizmatlari haqida iste’molchilarga to‘liq va tushunarli ma’lumot berilmasligi turli kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan vakolatli organ tomonidan barcha sug‘urta tashkilotlariga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston O‘zbekistondan sug‘urta va «tonirovka» to‘lovlarini bekor qilishni so‘ragandi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Jogorku Kenesh yig‘ilishida ma’lum qildi.