Yangiliklar

Mark Sukerberg Instagram bolalarni nishonga olgani haqidagi ayblovlarni rad etdi

Meta rahbari 13 yoshdan kichiklar platformaga kiritilmasligini ta’kidladi
Foto: The Jerusalem Post

Los-Anjelesda bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida Meta rahbari Mark Sukerberg kompaniya 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning platformadan foydalanishiga ruxsat bermasligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Da’vogar tomon advokati Mark Lanier Sukerbergni 2024-yilda Kongress oldida bergan ko‘rsatmalari yuzasidan so‘roq qildi va unga kompaniyaning ichki hujjatlarini taqdim etdi. 2018-yilgi Instagram taqdimotlaridan birida shunday yozilgan edi:

«Agar o‘smirlar orasida katta yutuqqa erishmoqchi bo‘lsak, ularni kichik yoshdanoq jalb qilishimiz kerak».

Sukerberg advokat uning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilayotganini ta’kidladi.

«Biz vaqt o‘tishi bilan bolalar xavfsiz foydalanishi mumkin bo‘lgan xizmatlarning turli versiyalarini yaratishni muhokama qilganmiz», – dedi u.

Foto: ABC News

Uning so‘zlariga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lganlar uchun Instagram versiyasi muhokama qilingan bo‘lsa-da, yakunda bu amalga oshirilmagan. Mazkur sud ishi bolaligida Instagram va YouTube’dan foydalanish oqibatida ruhiy salomatligi zarar ko‘rganini iddao qilayotgan ayolning da’vosi asosida ko‘rilmoqda.

Meta va Google ushbu ayblovlarni rad etib, foydalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarini ro‘kach qilmoqdalar. Ma’lumot uchun, Meta’ning raqobatchilari Snap va TikTok sud jarayoni boshlanishidan avval da’vogar bilan kelishuvga erishgan edi.

Sudda, shuningdek, Meta vitse-prezidenti Nik Kleggning elektron xati ham o‘qib eshittirildi. Unda Klegg «bizda yosh cheklovlari bor, ammo ular bajarilmaydi» deya ta’kidlagan va Instagram hamda Facebook siyosatidagi farqlar to‘liq nazorat qilishni qiyinlashtirishini qayd etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda erkak Meta chat-botiga ishonib halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.