
Nvidia va OpenAI avvalgi $100 mlrdlik bitimni bekor qilib, $30 mlrdlik yangi sarmoya kelishuvi ustida ishlamoqda. Bu haqida Oninvest xabar bermoqda.
Avvalgi rejaga ko‘ra, Nvidia bir necha yil davomida startapning katta ulushi evaziga 10 marta $10 mlrddan sarmoya kiritishi kerak edi. Endilikda ushbu reja bekor qilingan. Nashrning yozishicha, yangi kelishuvga asosan, kiritilgan mablag‘larning asosiy qismi uskunalar uchun to‘lov sifatida Nvidia hisobiga qaytariladi. Shuningdek, kompaniya OpenAI aksiyalarini ham qo‘lga kiritadi.

Avvalgi yirik bitimdan voz kechish qarori sun’iy intellekt sektori fonida aksiyalar narxi pasayishidan xavotirda bo‘lgan investorlar xatti-harakatlari vaqtida qabul qilindi. Ta’kidlash joizki, aynan OpenAI bilan tuzilgan dastlabki kelishuvi Nvidia bozor kapitallashuvini $5 trlndan oshishiga yordam bergan edi.
Mazkur yangi bitim OpenAI uchun yirik moliyalashtirish raundining bir qismi hisoblanadi. Prognozlarga ko‘ra, «ChatGPT» yaratuvchisi jami $100 mlrddan ortiq mablag‘ jalb qiladi. Agar OpenAI bozor kapitallashuvi $830 mlrdni tashkil etsa, bu kompaniyaning 2027-yilgi kutilayotgan daromadidan 14 barobar yuqori bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI o‘zining eng tezkor va aqlli GPT-5.3-Codex modelini namoyish qilgani haqida xabar bergan edi.