Yangiliklar

“Bobotog‘”da noqonuniy ov: tabiatga 412 mln so‘m zarar yetkazildi

Huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 412 million so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi
Foto: O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Surxondaryo viloyatidagi «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida fuqaro tomonidan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yi noqonuniy ovlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar bermoqda.

Fuqaro T.I. o‘ziga tegishli ov quroli yordamida ushbu noyob jonivorni otgan. Natijada «Ov qilish va ov xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi hamda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlar talablari buzilgan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi qaroriga asosan, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 412 mln so‘m deb baholangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Buxoro tog‘ qo‘yi asosan O‘zbekistonning janubi va Tojikistonning shimoli-g‘arbiy tog‘ etaklarida uchraydi. Uzunligi 120 santimetrgacha, vazni esa 70 kilogramm atrofida bo‘lgan ushbu hayvon brakonyerlik va yaylovlarning buzilishi sababli yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda fuqaro Nil timsohini noqonuniy saqlayotgani haqida xabar bergan edi.