Sport

O‘zbek futbolida davlat homiyligi tugamoqdami? «O‘zbekneftgaz» qarori ortidagi haqiqatlar

Rasm SI yordamida yaratilgan

27-fevral kuni O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumiga start beriladi, lekin mamlakatning eng yirik davlat kompaniyalaridan biri bo‘lgan «O‘zbekneftgaz» AJ O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga (O‘FA) rasmiy xat yo‘llab, «Nasaf», «Bunyodkor» va «Buxoro» klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qildi.

Bir qarashda, bu xabar o‘zbek futboli uchun katta fojiadek tuyulishi mumkin. Axir gap so‘nggi yillarda turli yosh toifadagi terma jamoalarga ko‘plab iqtidorlarni yetkazib berayotgan, mamlakatning sovrindor klublaridan biri «Nasaf», bir vaqtlar katta maqsadlar bilan tashkil qilingan «Bunyodkor» hamda o‘tgan mavsum O‘zbekiston kubogi finaligacha yetib borgan «Buxoro» klublari haqida bormoqda. Lekin mazkur jarayonlarni ichkaridan kuzatib kelayotgan soha mutaxassislar uchun bu kutilmagan emas, balki ertami-kech yuz berishi muqarrar bo‘lgan voqelik sifatida qabul qilindi deyish mumkin.

Xo‘sh, bu qaror o‘zbek futboli uchun katta qiyinchilik davrimi yoki uzoq kutilgan «tibbiy jarrohlik» amaliyoti? Kursiv Uzbekistan mavzuni o‘rganishga harakat qilib ko‘rdi.

Neft va gaz pullari nega to‘xtatildi?

Vaziyatni tushunish uchun futbol maydonidan biroz chetlashib, iqtisodiyotga e’tibor qaratish lozim. Shu yilning 30-yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» AJ operatsion samaradorlikni oshirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etgan edi. Rasmiy axborotda juda muhim bir band bor: «sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini bekor qilish hamda xarajatlarni optimallashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash».

Demak, kompaniyaning klublardan yuz o‘girishi qandaydir adovat sababli emas, balki davlat miqyosida olib borilayotgan iqtisodiy optimallashtirish siyosatining bevosita natijasi. Yillar davomida yirik davlat korxonalari futbol klublari uchun «sog‘in sigir» vazifasini o‘tab keldi. Oqibatda, klublarda marketing, menejment, muxlislar bilan ishlash va o‘zini o‘zi moliyalashtirish kabi fundamental professional futbol tushunchalari rivojlanmay qoldi.

«Bu muqarrar kutilgan kun edi»

O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) rahbari Diyor Imomxo‘jayev O‘zAga bergan intervyusida bu holatga ancha sovuqqon va tahliliy baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, liga bu ssenariyga tayyor edi. Bu hazilakam muammo emas, ammo buni yomon deb ham hisoblamasligini, chunki bu muqarrar va kutilganini ta’kidladi.

Foto: O‘FA

«O‘tgan yili Bekobodning «Metallurg» jamoasi boshiga tushgan muammo hali har bitta klubning boshiga tushadi. Davlat va davlat ulushi bor bo‘lgan korxonaga bog‘lanib qolgan klub borki, hammasida muammo bo‘ladi. Chunki davlatning asosiy pul manbayi bo‘lgan korxonalarga minglab joylar osilib olgan. Davlat budjeti, davlatning boshqa ustuvor muammolari turgan paytda, davlat oxiri kelib: «To‘xtanglar, tartibga keltiringlar», deydi va buni to‘g‘ri deb hisoblayman», — deydi Imomxo‘jayev.

PFL rahbarining e’tirofi juda muhim nuqtani ochib beradi: O‘zbekiston futboli «boqimandalik» davridan «bozor iqtisodiyoti» davriga o‘tishning eng og‘riqli bosqichiga qadam qo‘ydi. Imomxo‘jayev buni ariqni tozalashga qiyoslaydi.

«Bu sport kerak emas, pul bermayman degani emas. Shunchaki yovvoyi o‘tlar o‘sib ketgan, ariqlar tiqilib qolgan. Hozir shu tozalanmoqda. Tozalanganidan keyin suv yana yaxshi oqishni boshlaydi».

O‘FA va PFLning Inqirozga qarshi rejasi

Xo‘sh, bu vaziyatda futbolning yuqori turuvchi organlari nima qilyapti? O‘FA va PFL yaqinda barcha Superliga klublari ishtirokida maxsus yig‘ilish o‘tkazdi. O‘FA matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, yig‘ilishda klublarga infratuzilmani yaxshilash, akademiyalar va ayollar futboliga e’tibor qaratish ustuvor vazifa ekanligi qat’iy eslatilgan.

Foto: O‘FA

«Birinchi navbatda infratuzilma va bolalar futbol akademiyalari yashashi shart. Asosiy jamoa futbolchilari, murabbiylari uchun olinadigan summalar katta ehtimol bilan tenglashadi. Biz professional futbolchilarning maoshlarini bitta yaxlit konsepsiyaga olib kelib, sekin-sekin xususiy sektorga, qo‘shimcha investitsiyalarni o‘zlari jalb qilishga majbur qiladigan tizimga o‘tyapmiz», — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlaridan shuni tushunish mumkinki, davlat endi o‘rtamiyona legionerga yoki mahalliy futbolchiga yuz minglab dollar maosh to‘lash uchun pul ajratmaydi. Agar davlat korxonasi futbolga pul ajratsa, bu pul birinchi navbatda stadion infratuzilmasi va klub akademiyasi uchun sarflanishi nazorat qilinadi.

2030-yilgacha xususiylashtirish

Umuman olib qaraganda bu jarayonlarning barchasi bitta katta huquqiy hujjatga borib taqaladi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarorlariga asosan, 2030-yilgacha mamlakatdagi barcha professional futbol klublari to‘liq xususiylashtirilishi belgilangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Balki menga ham 2020-yili qaysidir yirik kombinat biriktirilganida, tayyor mablag‘ kelib turganida xotirjam o‘tirardim, rivojlanmasdim. Klublar ham endi bozor mexanizmlariga moslashishga majbur», — deydi Imomxo‘jayev.

Hozirgi jarayon «O‘zbekneftgaz» kabi kompaniyalarning chekinishi xususiylashtirish dasturining amaliy bosqichga o‘tganini anglatadi. Ha, bu jarayon ma’lum ma’noda «shok terapiyasi» ko‘rinishida kechishi mumkin.

Ammo PFL rahbariyati ta’kidlaganidek, liga 2020-yilgi pandemiyadan beri o‘zini o‘zi moliyalashtirish, mustaqil homiylar topish hamda media huquqlarini sotish bo‘yicha muhim tajriba to‘pladi. Endi shu yo‘lni klublar ham bosib o‘tishi kerak.