
1-mart kuni MLS doirasida bo‘lib o‘tgan Florida derbisida «Inter Mayami» jamoasi «Orlando Siti» ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv davomida jamoa sardori Lionel Messi ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Amaldagi MLS chempioni «Inter Mayami» uchrashuvning birinchi bo‘limida ikkita gol o‘tkazib yubordi. 18-daqiqada xorvatiyalik vinger Marko Pashalich, 24-daqiqada esa argentinalik hujumchi Martin Oxeda «Orlando Siti»ni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Inter Mayami» futbolchilari Rodrigo De Paul va Messining xavfli zarbalarini raqib darvozaboni Maksim Krepo bartaraf etishga erishdi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin ssenariysi butunlay o‘zgardi. 49-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Mateo Silvetti uzoq masofadan gol urib, hisobdagi farqni qisqartirdi. Oradan 8 daqiqa o‘tib, 57-daqiqada Lionel Messi jarima maydonchasi tashqarisidan aniq zarba yo‘llab, muvozanatni tikladi.
85-daqiqada Messining aniq uzatmasidan so‘ng Telasko Segoviya jamoasining uchinchi golini kiritdi. 90-daqiqada esa argentinalik yulduz jarima zarbasidan unumli foydalanib, uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi – 4:2.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Messining Hindistonga safarida katta tartibsizliklar yuzaga kelgani haqida xabar bergan edi.
