Yangiliklar

Germaniyada turarjoy binolariga meteorit quladi, Toshkent yana havosi eng iflos shaharlar qatorida — 9-mart kungi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 9-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: skyatnightmagazine.com

Kursiv Uzbekistan 9-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.

Mojtaba Xomanaiy Eronning yangi oliy rahnamosi

Foto: This is Beirut

Eronda 88 nafar yuqori martabali shia ulamolaridan iborat kengash marhum Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtabani mamlakatning uchinchi oliy rahnamosi etib sayladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp yangi rahbar saylanishiga munosabat bildirib, «Agar u bizning ma’qullovimizni olmasa, uzoqqa bormaydi», – deya ta’kidladi.

Toshkent havosi eng ifloslangan shaharlar o‘nligiga kirdi

17-fevral kuni qanday ob-havo kuzatiladi
Foto: Sun‘iy intellekt

9-mart kuni Toshkent shahrida havo ifloslanish darajasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiya qilgan me’yordan 12,5 barobarga yuqoriladi. Bu haqda IQAir portali ma’lum qildi. IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent havosining ifloslanish darajasini 156 AQI deb qayd etildi. Havo tarkibidagi PM2.5 zarrachalari konsentratsiyasi JSSTning o‘rtacha yillik tavsiya etilgan me’yoridan 12,5 barobar yuqori bo‘lgan.

Dunyodagi havosi eng ifloslangan shaharlar ro‘yxatida Pokistonning Lahor shahri 341 AQI ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Nepalning Katmandu (202 AQI) va Bangladeshning Dakka (200 AQI) shaharlarida havo sifati pasaygani qayd etildi.

Germaniya g‘arbida turarjoy binolariga meteorit quladi

Foto: 5VISION.NEWS / IMAGO

8-mart kuni Germaniyaning g‘arbiy hududlarida meteorit qulashi kuzatildi va uning parchalari qator turarjoy binolariga zarar yetkazdi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, soat 19:00 atrofida Reynland-Pfals yeri, xususan, Koblens shahri hamda Xunsryuk va Ayfel tog‘ massivlarida uylarning tomlari shikastlangan. Koblensning Gyuls tumanidagi uylardan birining tomiga yongan osmon jismi qulagan.

Eron tomondan kislotali bulutlar kelishi haqidagi xabarlar rad etildi

Foto: Pexels.com

Ijtimoiy tarmoqlarda Erondagi neft obyektlariga qilingan hujumlardan so‘ng shakllangan kislotali bulutlar Markaziy Osiyoga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. «O‘zgidromet» ushbu ma’lumotlarni qat’iyan rad etib, ular hech qanday ilmiy asosga ega emasligini ta’kidladi.

Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar, asosan, yirik sanoat hududlari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.

Qozog‘istondagi kafe yong‘inida qurbon bo‘lganlar soni 11 kishiga yetdi

Foto: Pexels.com

Qozog‘istonning Shuchinsk shahridagi Osh markazi kafesida gaz aralashmasi portlashi oqibatida jabrlangan yana ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi va qurbonlarning umumiy soni 11 nafarga yetdi. Akmo‘la viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Nariman Yermekning ma’lum qilishicha, shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, o‘ta og‘ir ahvoldagi ikki bemorni saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.

O‘zbekiston ayollar termasi tarixda ilk bor Osiyo kubogi chorak finalida

Foto: O‘FA

9-mart kuni Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan 2026-yilgi ayollar Osiyo kubogi 3-turida O‘zbekiston terma jamoasi Bangladesh ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu natija evaziga o‘zbekistonlik futbolchilar o‘z tarixida birinchi marta musobaqaning chorak final bosqichiga yo‘l oldi.

Birinchi bo‘limning 10-daqiqasida Diyoraxon Habibullayeva hisobni ochdi. Ikkinchi taym ancha sermahsul o‘tdi. Xususan, 62 va 66-daqiqalarda Dildora Nozimova dubl qayd etib, hisobni 0:3 ko‘rinishiga keltirdi. 88-daqiqa Nilufar Qudratova o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 0:4.

Chery kompaniyasi Exeed EX7 krossoverini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi

Foto: apmotor.co

Xitoyning Chery kompaniyasiga qarashli Exeed premium brendi 2026-yil 8-mart kuni ommaviy ishlab chiqarishga kirgan EX7 modelining rasmiy interyer suratlarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Avtomobil saloni raqamli texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, 30 dyuymli integratsiyalashgan displey va haydovchi uchun alohida LCD uskunalar panelini o‘z ichiga oladi. Old yo‘lovchi o‘rindig‘i zero-gravity funksiyasiga ega bo‘lib, interyer qora va jigarrang ranglar uyg‘unligida ishlangan.

O‘zbekistonlik bokschilar Futures Cup turnirining ilk kunida 4 ta g‘alaba qozondi

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

8-mart kuni Tailandda boks bo‘yicha xalqaro Futures Cup musobaqasiga start berildi. Turnirning dastlabki kunida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar a’zosi o‘z raqiblarini mag‘lub etib, navbatdagi bosqichga o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Ayollar o‘rtasida -54 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Sabrina Chakomanova xitoylik Vang Yaorunyu bilan kuch sinashdi. Qizg‘in kechgan bahs yakunida o‘zbekistonlik sportchi 3:2 hisobida zafar quchdi va terma jamoa uchun dastlabki g‘alabani taqdim qildi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ham ijobiy natijalar qayd etildi. Xususan, -50 kg vaznda Abdug‘ani Yorqinjonov armanistonlik Tigran Kirakosyanni, -60 kg vaznda esa Bobomurod Boymirzayev gonkonglik Jefet Ordonezni bir xil — 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Kunning so‘nggi bahsi -70 kg vazn toifasida o‘tkazilib, unda Saidxo‘ja Sadillaxo‘jayev Yangi zelandiyalik Noa Kolliyerga qarshi ringga chiqdi. Ushbu jangda O‘zbekiston vakili 4:1 hisobida ustun keldi va shu tariqa jamoa kunni yuz foizlik natija bilan yakunladi.