Yangiliklar

YPX xodimini BYD avtomobilida urib ketgan shaxs 6 yilga qamaldi

Unga o‘tash uchun 5 yil 2 oy 9 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan
YHXB xodimini BYD bilan urib ketgan shaxs 6 yilga qamaldi
Foto: Pexels

Toshkent shahrida YPX xodimining to‘xtash buyrug‘iga bo‘ysunmay, uni urib yuborgan shaxs 6 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.

Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «b» bandi hamda 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sud joriy yil 10-mart kuni hukm chiqargan.

2002-yilda tug‘ilgan fuqaro 2025-yil may oyida YHXB xodimining to‘xtash buyrug‘iga bo‘ysunmasdan, xodimni BYD avtomobili bilan urib yurgan. Natijada inspektor ikkala son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqiziladi. Ushbu haydovchining haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagani ma’lum qilingan.

Dastlab u 2024-yil sentabr oyida 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq 2025-yil yanvarida apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgartirib, jazoni 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari bilan almashtirgan. Keyinchalik u jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilingan. Shundan so‘ng jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, unga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan 5 yil, 219-moddasi 2-qismi bilan esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 59-moddasiga muvofiq jazolar qisman qo‘shilib, unga nisbatan uzil-kesil 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchining ilgari qamoqda bo‘lgan vaqti hamda o‘tagan axloq tuzatish ishlari hisobga olinib, umumiy jazodan 296 kun chegirildi. Natijada unga o‘tash uchun 5 yil 2 oy 9 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 10-sinf o‘quvchisi BMW M4 bilan YPX inspektorini urib yuborgani haqida yozgan edi.