
«Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qaror qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, xususan, 2026-yilda paxtani mashinalar yordamida terib olish ulushini 70 foizga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2026-yilda qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilish uchun davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari orqali tijorat banklari orqali $400 mlnga qadar mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Tijorat banklari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari xaridi uchun 10 yillik kreditlar ajratadi. Shu jumladan, 2 yillik imtiyozli davr bilan yiliga Markaziy bank asosiy stavkasi + 4 foiz bank marjasi asosida milliy valyutada kreditlar beriladi.
2026-yildan imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida yetkazib beriladigan paxta va g‘alla kombaynlarining kredit va lizing to‘lovlari ikki martada, ya’ni 31-yanvar va 31-iyul sanalarida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtirilishi haqida yozgan edik.