
Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori lavozimiga tayinlandi. U ushbu lavozimda avval ishlagan Abdulakhad Kuchkarov o‘rnini egalladi.
Yangi lavozimida Karamatov mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, startap va venchur ekotizimini qo‘llab-quvvatlash hamda IT xizmatlar eksportini oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, IT Park rezidentlari faoliyatini muvofiqlashtirish va xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish ham uning vazifalariga kiradi.
U faoliyati davomida raqamli texnologiyalar sohasida turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, Raqamli texnologiyalar vazirligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan va xususiy sektorda ham tajriba orttirgan.

Tayinlovdan oldin Azamat Karamatov IT Park huzuridagi IT Park Ventures kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Uning boshqaruvi davrida startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlar bilan venchur fondlar tashkil etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilgan.
Shuningdek, IT Park Uzbekistan rahbariyatining yangi tarkibi ham e’lon qilindi. Jahongir Radjabov bosh direktorning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Lazizbek Xudayev rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosar bo‘ldi. Mahliyoxon Muksinova strategik rivojlanish uchun mas’ul etib belgilandi. Dilafruz Miralimova inklyuziv rivojlanish yo‘nalishini boshqaradi. A’zam Abdullayev esa hududiy rivojlantirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari etib tayinlandi.
Yangi rahbariyat IT Park faoliyatini yanada rivojlantirish, startaplar ekotizimini kuchaytirish va IT xizmatlar eksportini oshirish ustida ishlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy investorlar, mutaxassislar va startap loyihalari ishtirokchilari uchun qulaylik yaratish maqsadida IT-viza berish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritilgandi.
Endi axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislar, texnopark rezidentlarining ta’sischilari yoki ularning rahbarlari, raqamli startaplar dasturi ishtirokchilari va mutaxassislarga IT-viza beriladi.