Yangiliklar

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan senator so‘rovi yuborildi

Shu masalada qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot so‘ralgan
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan senator so‘rovi yuborildi / Foto: YouTube

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobuljon Tursunov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan elektromobillar va quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun mo‘ljallangan quvvatlash stansiyalarini elektr tarmog‘idan vaqtincha uzib qo‘yish hamda ularning faoliyatini cheklash bilan bog‘liq holatlar haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur vaziyatni inobatga olib, Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Energetika vaziriga senator so‘rovi yubordi.

Unda elektromobillar va quvvat oluvchi gibrid transport vositalari uchun quvvatlash stansiyalarini elektr tarmog‘idan uzish hamda ularning faoliyatini cheklash sabablari, ushbu stansiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, tegishli infratuzilmani rivojlantirish hamda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan kelgusidagi rejalar yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘chalarga panjara o‘rnatish masalasida Toshkent hokimiga so‘rov yuborilgan edi.