Yangiliklar

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi / Foto: Sun’iy intellekt

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, akademiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida tashkil etiladi. Akademiya qishloq xo‘jaligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish, uzoq va yaqin muddatli dasturlarni belgilash va muvofiqlashtirish, agro­sanoat majmuini ilmiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yuritadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirishga doir ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishish jarayonida majburiy tartibda akademiyada ilmiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Akademiyada yosh akademik, akademiya professori, akademiyaning muqarrar a’zosi, akademiyaning haqiqiy a’zosi (akademik) hamda akademiyaning xorijiy a’zolari kabi ilmiy unvonlar berish tartibi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq agrar sektor zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlanishi haqida xabar qilingan edi.