Sport

«Neftchi» o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Superkubogi sohibiga aylandi

Andijonda o‘tgan hal qiluvchi bahsda farg‘onaliklar «Paxtakor» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi
Foto: UzPFL

2026-yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchun kechgan o‘yinda Superliga g‘olibi «Neftchi» hamda mamlakat kubogi sohibi «Paxtakor» jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Andijon shahridagi «Bobur Arena» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv farg‘onaliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Foto: UzPFL

Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 17-daqiqada kiritildi. «Neftchi» yarim himoyachisi Ratinyo darvozabondan qaytgan to‘pni aniq zarba bilan darvozaga joylab, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda teng kurashlar kuzatilgan bo‘lsa-da, o‘yin yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.

O’zbekiston Superkubogi. Neftchi - Paxtakor uchrashuvida kiritilgan gol va xavfli vaziyatlar

Ushbu natija orqali bosh murabbiy Islom Ismoilov boshqaruvidagi «Neftchi» klubi o‘z tarixida birinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritdi. Aksincha, «Paxtakor» jamoasi mazkur sovrin uchun o‘zining 8-uchrashuvida maydonga tushib, 6-bor imkoniyatni boy berdi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilgi Superkubok uchrashuvida «Nasaf» klubi «Andijon» jamoasini xuddi shunday 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islombek Ismoilov «Neftchi» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.