
16-mart kuni tunda Kobuldagi giyohvandlarni reabilitatsiya qilish shifoxonasiga berilgan havo zarbasi oqibatida kamida 400 kishi halok bo‘ldi va 250 kishi jarohatlandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Afg‘onistonning Tolibon hukumati mazkur hujumda Pokistonni ayblamoqda, biroq rasmiy Islomobod buni rad etdi.
Tolibon hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitratning ma’lum qilishicha, havo zarbasi mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da 2000 o‘rinli davlat shifoxonasiga berilgan. Uning qurbonlar soni keskin ortishi mumkinligi haqidagi bayonotiga qaramay, Pokiston hukumati tibbiyot muassasasi nishonga olinganini «yolg‘on va chalg‘ituvchi» deb atadi.

Islomobod o‘z harakatlarini terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilmaga aniq zarba berish deb izohlagan va tinch aholi orasida qurbonlar yo‘qligini ta’kidlagan. Hujum joyida ishlayotgan tez yordam haydovchisi Hoji Fahim vayronagarchilik ko‘lamini quyidagicha izohladi.
«Men yetib kelganimda hamma joy yonayotgan edi, odamlar yong‘in ichida qolgandi. Erta tongda meni yana chaqirishdi, chunki vayronalar ostida hali ham jasadlar bor», – dedi u.
Ikki davlat o‘rtasidagi 2,6 ming kilometrlik chegara hududidagi ziddiyat so‘nggi oylarda tarixdagi eng yomon darajaga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston Kobul va Qandahorni nishonga olgani haqida xabar bergan edi.