Sport

Senegal Afrika millatlar kubogi chempionligidan mahrum etildi

CAF apellyatsiya qo‘mitasi final natijasini 3:0 hisobida Marokash foydasiga o‘zgartirdi
Foto: Goal.com

2025-yilgi Afrika millatlar kubogi finali natijasi bekor qilindi va chempionlik unvoni Senegaldan olinib Marokashga topshirildi. Bunga Senegal terma jamoasining norozilik bildirish maqsadida o‘yin vaqtida maydonni vaqtincha tark etgani sabab bo‘ldi.

Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) apellyatsiya qo‘mitasi Marokash futbol federatsiyasi shikoyatini to‘liq qanoatlantirdi. Tashkilot qaroriga ko‘ra, Senegal terma jamoasi Afrika kubogi qoidalarining 82 va 84-moddalarini buzgan deb topildi va ularga avtomatik ravishda 3:0 hisobidagi texnik mag‘lubiyat yozildi. Oldingi intizomiy qo‘mita qarori bekor qilindi.

Foto: Marokash futbol federatsiyasi

Mojaro o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida VAR tizimi orqali Marokash foydasiga penalti belgilangach boshlangan. Bunga javoban Senegal bosh murabbiyi Pape Tiav o‘z shogirdlariga kiyinish xonasiga qaytishni buyurgan va o‘yin bir necha daqiqaga to‘xtab qolgan. Biroq jamoa yetakchisi Sadio Mane futbolchilarni maydonga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

Futbolchilar maydonga qaytgach, marokashlik Brahim Dias penaltidan unumli foydalana olmagan. Asosiy vaqt 0:0 hisobida yakunlanib, qo‘shimcha taymlarda Papa Geye Senegalga g‘alaba keltiruvchi golni urgan edi, biroq endilikda bu natija rasman bekor qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senegal Afrika millatlar kubogi g‘olibi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.