Sport

Chempionlar ligasida chorak final juftliklari rasman aniq bo‘ldi

Natijalarga ko‘ra, sakkizta yetakchi klub to‘rtta juftlikka bo‘lindi
Foto: UEFA

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 final o‘yinlari yakuniga yetgach, turnirning chorak finalida ishtirok etadigan barcha juftliklar aniqlandi. Bu haqda UEFA xabar bermoqda.

Ispaniyaning ikki klubi «Barselona» va «Atletiko Madrid» yarim final yo‘llanmasi uchun o‘zaro bahs olib boradi. Shu bilan birga, Germaniyaning «Bavariya» klubiga musobaqaning yana bir ispan jamoasi «Real Madrid» raqiblik qiladi.

Foto: UEFA

Angliya vakillaridan biri «Liverpul» klubi Fransiyaning PSJ jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Chorak finalning so‘nggi juftligida Portugaliyaning «Sporting» klubi Londonning «Arsenal» jamoasini sinovdan o‘tkazadi. Chorak final bahslari 8 – 9-aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1/8 final o‘yinlarida «Liverpul» «Galatasaroy»ni umumiy 4:1 hisobida yenggan bo‘lsa, «Bavariya» «Atalanta»ni mehmonda va uyda yengib, umumiy 10:2 hisobida g‘alaba qozongan edi.

«Barselona» «Nyukasl Yunayted» darvozasiga jami sakkizta to‘p kiritib, yirik g‘alabaga erishdi. «Tottenhem» «Atletiko Madrid» bahsida londonliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:7 hisobida ispan klubi chorak finalga yo‘l olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final javob uchrashuvlari haqida xabar bergan edi.