
Biznes uchun uch yil — bu shunchaki davr emas, balki eng hayratlanarli taxminlar ham oddiy haqiqatga aylanishi uchun yetarli bo‘lgan vaqt. 2023-yilni eslaysizmi? O‘shanda kapital bozoriga bag‘ishlangan Kursiv Research’ning ilk jurnalini tayyorlar ekanmiz, biz «kichik raqamlar davri»ni muhrlagan edik. U paytlari bir necha million dollarlik kelishuvlar ham yetib bo‘lmas cho‘qqidek ko‘rinardi. Oltin narxi endigina $2000 dan oshgan, so‘m esa odatdagidek dollarga nisbatan qadrini yo‘qotib borayotgan edi.
Dunyo o‘zgardi va biz yangi davrini o‘rganish uchun qaytdik. «Xavfsiz aktivlar» qanchalik tez o‘ta yuqori daromad keltiruvchi manbaiga aylanganini payqadingizmi? 2025-yilda oltin bozori 70-yillardan buyon eng shiddatli sakrashni amalga oshirdi — o‘sish 64% ni tashkil etdi. JP Morgan tahlilchilari esa 2026-yil oxirigacha bir unsiya oltin $6,3 mingga chiqishini tahmin qilmoqda. So‘m esa ko‘plab skeptik prognozlarga qaramay, qariyb 7 foizga mustahkamlandi. Biroq eng asosiysi kotirovkalar emas, balki hozirda Toshkentda kimlar asosiy yo‘nalishni belgilab berayotganidir.
Keling, ochiq tan olaylik: uzoq vaqt davomida bizning kapital bozorimiz «tor doiradagi yopiq bazm»ga o‘xshab qolgan edi. Mablag‘ kam, kutishlar esa haddan ziyod ko‘p edi. Ammo so‘nggi uch yilda muzlar eridi. Franklin Templeton’ning Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) boshqaruviga kelishi — bu shunchaki rasmiy xabar emas, balki katta burilish nuqtasi. 2025-yil oktabrida poytaxtimizda o‘tgan Investorlar kuniga jami bir trillion dollar mablag‘ni boshqarayotgan sarmoyadorlar yig‘ilganda bir narsa ayon bo‘ldi: biz endi «istiqbolli chekka o‘lka» emasmiz. Biz — xaritadagi yirik bitimlar rejalashtiriladigan davlatmiz.
Ushbu sonda biz masalaning tubiga tushishga va ochiq savol berishga qaror qildik: nega bizning ichki gigantlarimiz — banklar va sug‘urta kompaniyalari hamon sarmoyador sifatida «uyquda»? Ularning bozorning asosiy ustunlariga aylanishiga va forumlarda tinmay gapiriladigan o‘sha «uzun pullar»ni olib kirishiga nima xalaqit beryapti?
Biz siz uchun mazmunan boy va eksklyuziv tahlillarga tayanuvchi maxsus son tayyorladik. Jurnal sahifalarida London birjasi va Freedom Broker’dan insaydlar, Uzum va TBC muvaffaqiyat yo‘llari, IMAN’dan islomiy moliya haqida xolis tahlillar joy olgan. Va nihoyat, jahon miqyosidagi nuqtayi nazar uchun afsonaviy Jim Rojers «javob beradi». Uning eksklyuziv intervyusi — odatiy fikrlarga tashlangan jiddiy chaqiriq: Rojersning taxminlari doim qizg‘in bahslarga sabab bo‘ladi, lekin ularni rad etishning iloji yo‘q.
2026-yilda O‘zbekiston kapital bozori — bu aniq strategiyalar va xususiy kapital uchun haqiqiy raqobat demakdir. Biz Kursiv Research’da bozorning ichki mexanizmlari ayon, xatarlar esa aniq o‘lchanadigan muhit yaratishga intilamiz. Maqsadimiz — sizga shunchaki ma’lumot berish emas, balki qaror qabul qilishda asqatadigan vositalarni taqdim etishdir.
Mamlakatning o‘ndan ortiq eng yirik korxonalari ulushiga ega jamg‘armaning IPO’siga tayyormisiz? Bu yilning eng muhim voqeasi bo‘lishi shubhasiz. Ungacha esa tafsilotlar bilan tanishing.
Mutolaangiz yoqimli hamda foydali bo‘lsin!