Yangiliklar

Chechistonda suv toshqini sabab favqulodda holat joriy etildi — video

Odamlar suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilinmoqda
Foto: Fokus

Chechistonda kuchli jala oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari, ko‘chkilar va tosh qulashlari sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda mintaqa rahbari Ramzan Qodirov o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/03/111.mp4

27-martdan boshlab faqat Shali munitsipal tumanida 1,2 mingta, Gudermes tumanida esa 748 ta uy suv ostida qolgan. 29-mart oqshomida MChSning mintaqaviy boshqarmasi favqulodda xizmatlar xodimlari 557 ta uyni suvdan tozalagani haqida hisobot berdi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/03/img_8008.mp4

Chechiston hukumati rahbari o‘rinbosari Axmed Dudayevning ma’lum qilishicha, respublikada hamon 30 ga yaqin yo‘l va bitta damba yuvilib ketgan. Shuningdek, 17 ta ko‘prik, beshta gaz quvuri va oltita transformator shikastlangan. Grozniy va Shali shaharlarining bir necha tumanlari hamda Nadterechniy va Nojay-Yurt tumanlarining ba’zi qismlari hanuzgacha elektr ta’minotisiz qolmoqda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/03/video_2026-03-28_11-35-07.mp4

Kuchli yog‘ingarchilik butun Shimoliy Kavkazga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Kuchli yomg‘ir 27-mart kuni boshlangan bo‘lib, undan eng ko‘p Dog‘iston zarar ko‘rdi. Maxachqal’ada bir sutkada 50 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatildi, bu 100 yildan ortiq vaqt ichidagi rekord ko‘rsatkichdir.

Suv toshqinlari oqibatida Dog‘istonda 500 mingdan ortiq odamlar elektr chirog‘isiz qolgan. Rossiya MChS matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Dog‘istonning suv bosgan hududlaridan jami 3,3 ming kishi, jumladan, 1033 nafar bola evakuatsiya qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Braziliyadagi toshqin va ko‘chkilar kamida 25 kishining hayotiga zomin bo‘lgani haqida xabar bergan edi.