
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, departamentning Zarbdor tumani bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida noqonuniy holatlar aniqlangan. Fuqaro boshqa fuqaroning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro ushbu va’dasi evaziga 65 mln so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 75 ming dollar evaziga xorijda ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlangan edi.