
Oshayotgan neft narxi, tartibsizlikka uchragan Pashinyan — 30-mart kuni e’lon qilingan yangiliklar «Kursiv» dayjestida.
Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi 115 dollardan oshdi
AQSh va Isroilning Eron hududlariga davom etayotgan hujumi hamda Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi $115 dan oshdi. BBC nashrining yozishicha, Osiyo fond bozorlarida ayrim kompaniyalarning aksiyalari pasayishni boshlagan.
Brent nefti narxi 3% dan ko‘proq oshib, $115 dan yuqoriga chiqdi. AQShda savdo qilinadigan neft esa 3,5% ga ko‘tarilib, $103 ga yetdi. Bu brent uchun tarixdagi eng katta oylik o‘sishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Bir qator hududlarda giyohvandlik moddalari savdosiga chek qo‘yildi

O‘zbekistonning bir qator hududlarida giyohvandlik moddalari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Uning yonidan 5 gramm opiy topildi. Ijaraga olingan uyidan esa 887 gramm opiy va 71 gramm geroin aniqlandi. Gumonlanuvchi moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, sotishni rejalagan.
Avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar savdosi 7,6 trln so‘mga yetdi

2026-yil yanvarda avtotransport vositalari va ehtiyot qismlar savdosi 7,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 trln so‘mga oshganini ko‘rsatadi. O‘sish 31,9 foizni tashkil etdi. So‘nggi yillarda bozorda keskin o‘zgarishlar kuzatilgan. 2023-yilda savdo hajmi 3,9 trln so‘m bo‘lgan. 2024-yilda u 7,1 trln so‘mga chiqdi. 2025-yilda esa 5,7 trln so‘mga tushdi.
Nikol Pashinyanga cherkovda hujum qilishga urinish to‘xtatildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga Yerevandagi Avliyo Anna cherkovida hujum qilishga urinish to‘xtatildi. Bu haqda Armenia Today nashriga tayanib Kursiv Qozog‘iston xabar berdi.
Hodisa ibodat yakunida sodir bo‘lgan. Pashinyan qo‘riqchilar hamrohligida cherkovni tark etayotgan paytda mojaro yuzaga kelgan. Guvohlarning aytishicha, erkaklardan biri xavfsizlik xodimlari bilan tortishib qolgan. U bosh vazirga qarata keskin gaplar aytgan va qo‘riqchilar tomonidan chetga surilgan.
O‘zbekistonda yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi

O‘zbekistonda bir qator yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida «Ovjazsoy – Moviy tog‘lar» milliy tabiat bog‘i barpo etiladi. U Ohangaron tumanidagi 9,2 ming gektar hududni qamrab oladi. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida «Piskom» milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Uning umumiy maydoni 156,7 ming gektarni tashkil qiladi.
O‘zbekistonning barcha hududlarida 14 ta «yashil» texnikum tashkil etiladi

@026 – 2027-yillarda mamlakatning barcha hududlarida 14 ta «yashil» texnikum tashkil qilinadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.
2030-yilgacha mazkur texnikumlar orqali 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Bu orqali ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyati oshiriladi.
Chechistonda suv toshqini sabab favqulodda holat joriy etildi

Chechistonda kuchli jala oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari, ko‘chkilar va tosh qulashlari sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda mintaqa rahbari Ramzan Qodirov o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
27-martdan boshlab faqat Shali munitsipal tumanida 1,2 mingta, Gudermes tumanida esa 748 ta uy suv ostida qolgan. 29-mart oqshomida MChSning mintaqaviy boshqarmasi favqulodda xizmatlar xodimlari 557 ta uyni suvdan tozalagani haqida hisobot berdi.
Google va Samsung iOS’dagi NameDrop funksiyasiga o‘xshash tizim ustida ishlamoqda

Tez orada Quick Share funksiyasi keng ko‘lamli yangilanishi va smartfonlarni bir-biriga tekkizish orqali ma’lumotlarni uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Android Authority ma’lumotlariga ko‘ra, One UI 9’ning sizdirilgan versiyalarida Tap to Share funksiyasi aniqlangan. Uning tavsifida «Telefoningizning yuqori qismini qurilmaga yaqin tuting va fayllar yuboriladi», deyiladi.
Namanganda 53 yoshli o‘qituvchi voyaga yetmagan qizga zo‘ravonlikda gumon qilinmoqda
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 53 yoshli erkak pedagog voyaga yetmagan o‘quvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Bolalar ombudsmani idorasi nazoratiga olinganini xabar qildi.
Unga ko‘ra, 13 yoshli qizning yaqinlari holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilganidan so‘ng, tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Natijada gumonlanuvchi ushlanib, sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etiladi

O‘zbekistonda yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, shu yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari «yashil kampus» loyihalarini ishlab chiqadi. Ushbu loyihalar Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va ta’lim muassasalarida ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.