Yangiliklar

O‘zbekistonda 15 turdagi xomashyo importiga boj bekor qilinadi — Jamshid Xodjayev

Yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar xomashyoni bojxona to‘lovlarisiz olib kirib, mahsulot ishlab chiqaradi
Foto: Videodan olindi

O‘zbekistonda qator mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyolarni import qilishda bojxona to‘lovlari olib tashlanadi. Bu o‘zgarishlar jami 15 turdagi yo‘nalishni qamrab oladi, deya ma’lum qildi 28-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Idoralararo komissiyaning Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan hamkorlik bo‘yicha tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ilk ochiq muloqotida.

Ma’lum qilinishicha, bunday qaror tadbirkorlarning ko‘plab murojaatlari asosida ishlab chiqilgan. Ishlab chiqaruvchilar uzoq vaqtdan beri bir muammoga e’tibor qaratib kelayotgan edi. Tayyor mahsulotlarni chetdan olib kirish arzonroq, ammo o‘sha mahsulotni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo va butlovchi qismlarga yuqori bojlar qo‘llanilardi.

Bu holat tarif inversiyasi deb baholamoqda, ya’ni tayyor mahsulotga nisbatan xomashyo qimmatroq tushadi. Natijada mahalliy korxonalar raqobatda yutqazib, ishlab chiqarish hajmini to‘liq yo‘lga qo‘ya olmayapti.

Yangi tartib ushbu muammoni yumshatishga qaratilgan. Bojlarning bekor qilinishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirib, ichki bozorda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, korxonalar importga kamroq qaram bo‘lib, ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi.

Xodjayev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, qandolat sanoatida ishlatiladigan xomashyoning qariyb 38 foizi, ya’ni shakar asosan Belarus va Rossiyadan import qilinadi. Bu shakar bir tonnasi o‘rtacha $650 – 700 atrofida bo‘lib, bojxona to‘lovlarisiz olib kiriladi.

Shu bilan birga, Braziliyadan import qilinadigan shakar narxi $500 – 550 ni tashkil etadi. Biroq asosiy yetkazib beruvchilarga berilgan imtiyozlar tufayli bozorda qimmatroq xomashyo ustunlik qilmoqda. Natijada ishlab chiqaruvchilar uchun tannarx oshib, yakuniy mahsulot raqobatbardoshligi pasaymoqda. Hozirda yirik mahalliy korxonalar hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatda shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoj 100 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi.

Yangi bojxona rejimi ishlab chiqilmoqda

Bosh vazir o‘rinbosari tajriba sifatida bojxona hududida qayta ishlash rejimi doirasida ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, uskunalar va boshqa tovarlar uchun bojlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanganini aytdi.

Bojxona qo‘mitasi rahbari Akmalxo‘ja Mavlonovning bildirishicha, ushbu rejim asosida olib kirilgan mahsulotlarni ichki bozorda sotishga ruxsat berish masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Qaysi mahsulotlarga boj bekor qilinadi

Yangi tartib doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha xomashyolarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish rejalashtirilmoqda:

  • elektr skuterlar;
  • nogironlik aravachalari;
  • kungaboqar yog‘i;
  • marmelad va karamelli shirinliklar;
  • shokolad;
  • bolalar ozuqasi;
  • tez tayyorlanadigan ugra;
  • pryanik va pechenyelar;
  • vaflilar, pirog va kekslar;
  • jem va murabbo;
  • konservalangan qulupnay;
  • shakarli ichimliklar.

Dastlab bu ro‘yxat 40 dan ortiq mahsulotlarni o‘z ichiga olgan. Biroq ayrim tadbirkorlar o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga boj bekor qilinmasligini so‘ragan. Shu sababli hozircha faqat mamlakatda deyarli ishlab chiqarilmaydigan xomashyolar tanlab olingan.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar xomashyoni bojxona to‘lovlarisiz olib kirib, mahsulot ishlab chiqaradi. Agar tayyor mahsulot ichki bozorda sotilsa, unda odatdagi soliqlar, jumladan, QQS qo‘llanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importiga bojlarni pasaytirgani haqida yozgandi.