
O‘zbekistonda bir qator yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida «Ovjazsoy – Moviy tog‘lar» milliy tabiat bog‘i barpo etiladi. U Ohangaron tumanidagi 9,2 ming gektar hududni qamrab oladi. Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida «Piskom» milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Uning umumiy maydoni 156,7 ming gektarni tashkil qiladi.
Farg‘ona viloyatida ham yangi bog‘ barpo etiladi. «Farg‘ona» milliy tabiat bog‘i 22,9 ming gektar hududni egallaydi. Namangan viloyatida esa «Pop» milliy tabiat bog‘i kengaytiriladi. Uning hududi 125,3 ming gektarga yetkaziladi.
Yangi bog‘lar tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda noqonuniy ko‘chirilgan 107 tup daraxt qurib qolgani haqida yozgan edi.