Yangiliklar

Qirg‘iziston o‘z milliy valyutasini mustaqil chop etishni boshladi

Mamlakat endilikda nafaqat ichki ehtiyojlarni qoplaydi, balki xorijiy davlatlardan ham buyurtmalar qabul qilmoqda
Foto: economist.kg

Qirg‘iziston tarixda birinchi marta milliy valyutasi – somni o‘z hududida mustaqil chop etishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda 2026-yil 27-mart kuni mamlakat prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

Sadir Japarovning ta’kidlashicha, o‘z banknotalarini chop etishga o‘tish iqtisodiy mustaqillik sari muhim qadamdir.

«Tariximizda birinchi marta milliy valyutamiz somni o‘zimiz chop etishni boshladik. Avvallari biz milliy valyutamizni xorijiy davlatda buyurtma qilib, buning uchun pul to‘lashga majbur edik. Endi hammasi o‘zgardi», – dedi davlat rahbari.

Banknotalardan tashqari, texnik baza yuqori darajada himoyalangan davlat hujjatlarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Bular qatoriga umumfuqarolik pasportlari, ID-kartalar, haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari uchun texnik pasportlar kiradi.

«Sertifikat mavjudligi tufayli mahsulotimiz himoyasi eng yuqori darajada. Boshqacha aytganda, bunday hujjatlarni qalbakilashtirib bo‘lmaydi», – deb qo‘shimcha qildi Japarov.

Qirg‘iziston endilikda xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sifatida xorijiy buyurtmalarni ham bajarish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda bir nechta davlatlardan valyuta va turli rasmiy blankalar chop etish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinmoqda. Narxlar esa hamyonbop darajada saqlanib qolgani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda ham sezilgani haqida xabar bergan edi.