
Samarqand shahrida 907,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Hududgaz Samarqand» GTF kompleans nazorat tuzilmalari, gaz ta’minoti boʻlimi va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlarda shahar hududidagi tabiiy gaz tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Xususan, «Shodiyona» MFYda joylashgan umumiy oʻrta ta’lim maktabida iste’molchi loyiha-texnik hujjatlarisiz va hisoblagichsiz tarmoqqa ulangan holda gazdan noqonuniy foydalanayotganligi aniqlangan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, 907,2 mln soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi. Shu bilan birga, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda 402 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangan edi.