
«Toza havo» umummilliy loyihasi doirasida Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga moratoriy joriy qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026–2030-yillarda amalga oshiriladigan «Toza havo» loyihasining asosiy maqsadlari belgilandi. Jumladan, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi ta’minlanadi.
Loyihada PM2,5 bo‘yicha milliy me’yorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish ham asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda. Bu orqali shaharlar va sanoat zonalarida havo sifati yaxshilanishi ko‘zlangan.
Farmon bilan Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martga qadar uzaytirildi. Komissiya nomi «Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi»ga o‘zgartirildi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilishi haqida xabar qilgan edik.