Yangiliklar

«Yashil chipta»: O‘zbekistonda yangi tizim ishga tushadi

Fuqarolar va xaridorlar tabiatga yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi
Foto: Dreamstime.com

O‘zbekistonda uch oy muddat ichida «Yashil chipta» tizimi ishga tushiriladi. Bu orqali samolyot, poyezd, metro va taksi yo‘lovchilari marshrutning karbon izini ixtiyoriy kompensatsiya qilishi mumkin.

Mazkur tizim nafaqat transport sohasini, balki ishlab chiqariladigan, saqlanadigan va sotiladigan mahsulotlarni ham qamrab oladi. Xaridorlarga mahsulotning logistika va saqlash jarayonlaridagi tabiatga ta’sirini ixtiyoriy ravishda qoplash imkoniyati yaratiladi.

Karbon izi miqdori Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan maxsus qo‘llanmaga muvofiq avtomatik ravishda aniqlab boriladi.

«Yashil chipta» xarididan tushgan mablag‘lar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Ushbu moliyaviy resurslar qat’iy ravishda faqat daraxt ko‘chatlarini ekish hamda ularni parvarishlash tadbirlariga yo‘naltirilishi belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha aviatsiyaga 3,5 milliard dollargacha sarmoya kiritilishi haqida xabar bergan edi.