Yangiliklar

“Buyuk ipak yoʻli” metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yoʻl quriladi

Ushbu hudud poytaxtdagi eng tirband nuqtalardan biri
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkentda «Buyuk ipak yoʻli» metro bekati yaqinidagi chorraha qayta qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tomonidan jamoatchilikka taqdim etildi, deya xabar bermoqda shahar hokimligi.

Rejaga koʻra, Mustaqillik shohkoʻchasi, Mirzo Ulugʻbek va Buyuk ipak yoʻli kesishmasida ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich barpo etiladi. Ushbu hudud poytaxtdagi eng tirband nuqtalardan biri boʻlib, harakat koʻpincha qoʻlda boshqariladi.

Yangi yechim transport oqimini tezlashtiradi. S1 massivdan Kichik halqa yoʻligacha boʻlgan 8 km yoʻlni bosib oʻtish vaqti tigʻiz paytda 25 foizga qisqaradi. Avtomobillar oʻtkazuvchanligi esa kuniga qariyb 120 mingtaga yetadi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shuningdek, loyiha doirasida umumiy uzunligi 16,2 kilometr bo‘lgan BRT tizimini bosqichma-bosqich joriy etishiladi. Bundan tashqari, Mirzo Ulugʻbek va Doʻrmon yoʻli chorrahasida tunnel qurish rejalashtirilgan. Bekatlar yerustida joylashtiriladi. Loyiha Xitoyning China Construction kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. Transport oqimlari sunʼiy intellekt yordamida modellashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxtning 200 kilometrga yaqin yoʻl infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun $198 million ajratilgani haqida xabar bergan edi.