Yangiliklar

MobiUz xususiylashtirilishida yangi muddat belgilandi

20-aprel kunigacha
Mobiuz’ni sotib olish uchun final bosqichda 10 ta kompaniya raqobatlashadi
Foto: MobiUz

MobiUzʼni xususiylashtirish boʻyicha investorlar uchun takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) ma’lum qildi.

Agentlikning taʼkidlashicha, endi savdo ishtirokchilar yaxshilangan majburiy takliflarini 20-aprel kuni soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qayta taqdim etishi mumkin. Bu qaror savdo jarayonida maksimal iqtisodiy samaraga erishish hamda raqobat muhitida eng maqbul natijani taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Shu doirada ayrim parametrlar takomillashtirilishi mumkinligi qayd etildi.

Jarayon boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar ishtirokchilarga xalqaro maslahatchilar — KPMG va Rothschild & Co orqali individual tartibda yetkaziladi. Agentlik xususiylashtirish jarayonining shaffofligini taʼminlash va jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishini maʼlum qildi.

Eslatib oʻtamiz, MobiUzʼni 100 foiz davlat ulushi bilan sotish boʻyicha ochiq savdolar 2025-yil iyun oyida boshlangan. Dastlab 15 ta investor qiziqish bildirgan, keyinchalik 10 ta majburiy boʻlmagan taklif qabul qilingan. Maslahatchilar tavsiyasi asosida 7 ta daʼvogar yakuniy bosqichga oʻtkazilgan, ulardan 6 tasi majburiy takliflarini taqdim etgan.

Tahlil natijasida eng yuqori narx va qulay shartlarni taklif etgan 3 ta investor saralab olinib, ularga takliflarini yaxshilash uchun qoʻshimcha vaqt berilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan MobiUz aloqa operatoriga xakerlar hujum qilgani haqida xabar bergan edi.